13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
1. korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
2. jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar, iqtisodiy va korrupsiya bilan bog‘liq boshqa jinoyatlar bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni va surishtiruvni amalga oshiradi;
3. jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning ehtimol tutilgan yo‘llari va mexanizmlarini aniqlash uchun pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarning monitoringini tashkil etadi hamda o‘tkazadi;
4. jinoiy ta’qib etishni tashkil qilish va huquqiy ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini ko‘rish uchun tegishli davlat organlarini korrupsiyaga oid aniqlangan huquqbuzarliklar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qiladi;
5. korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta’minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
6. korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
7. korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Manba: Karrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risidagi qonun. 2017-yil 3-yanvar.