Ark qal’asi haqida

Eng ko‘hna madaniy meros  obyektlaridan biri Ark qal’asi bo‘lib, u  qadimda Buxoro shahrining markazi  hisoblangan. Buxoro arki milodning  boshlarida qurila boshlanib, XVI asrda  Shayboniylar sulolasi davrida ansambil  holiga kelgan.
Ark qal’asining barpo etilishi Eron  podshosi va turk ayolining farzandi Siyovush  nomi bilan bog‘liqdir. Ma’lumotlarda  keltirilishicha, Siyovush Samarqand  podshosi Afrosiyobdan yengilgach, shu yerda – Zarafshon daryosining quyi  irmoqlaridan birining sohilida to‘xtagan va shaharning yaratilishiga asos solgan.  Siyovush Afrosiyob tomonidan o‘ldirilganidan keyin Buxoroning Sharq darvozasi  yonida ko‘milgan degan rivoyatlar bor.

VII asrda Buxoro hokimi Bidun vayrona holiga kelgan arkni qayta tiklatgan.  O‘sha davrda ark oldida katta maydon – registon, uning atrofida savdogar va  zodagonlarning yuzlab qo‘rg‘onlari bo‘lgan. Hokim va uning qarindoshlari qo‘rg‘oni  yonida asosiy shahar – shahriston joylashgan.

Ko‘plab me’moriy yodgorliklarni o‘zida jamuljam etgan ko‘hna Ark qal’asi  ko‘p asrlar mobaynida amirlikning qarorgohi bo‘lib kelgan. Bu yerda amir, uning bosh  vazirlari, harbiy boshliqlar, amirning ko‘p sonli xizmatchilari yashaganlar. Ark  qal’asida hukmdorlar uchun saroy, ko‘rinishxona, masjid va turar-joy binolari bunyod  etilgan.

Ark qal’asi baland mustahkam peshtoq bilan ulug‘langan. Registon  maydonining salobati hokimiyatning buyukligini ko‘rsatgan, uni bosib olish mumkin  emaslik belgisini bildirgan. Uning devorlari tevaragida shahriston joylashgan.  Shahristonni savdo-hunarmandchilik maskani – rabot qurshab turgan.

Ark qal’asida Rudakiy, Firdavsiy, Abu Ali ibn Sino, Farobiy, Umar Xayyom  singari ulug‘ insonlar yashab ijod qilganlar.

Ark to‘g‘risida Abu Ali ibn Sino quyida  keltirilgan fikrni bildirgan:

“Men bu yerdagi kutubxonada shunday kitoblarni  topdimki, ularni avval ko‘rmaganman va umrimda boshqa ko‘rmadim ham. Men  ularni o‘qidim va shundan keyin har bir olimning o‘z fani bo‘yicha o‘rnini angladim.  Mening oldimda fanlarning tubidagi shunday eshiklari ochildiki, men ularni tasavvur

ham qilolmasdim. Arkdagi kitobxonaning keyingi taqdiri sir bo‘lib qolgan. Kutubxona  janglardan birida talab ketilgan bo‘lsa ajab emas”, degan ma’lumotlar bor.

Ark qal’asi to‘g‘risida birinchi yozuvlar Abu Baxr Narshaxiyning (899-939-

yillar) “Buxoro tarixi” kitobida ham uchraydi. Buxoro podshosi Bidun bu qal’ani qurdi, ammo u tezda buzildi, yana yangidan qurdi, u yana buzildi. Shundan keyin  uzoqni ko‘ra biladigan dono kishilarni chaqiradi. Donishmandlar arkni katta ayiq  yulduzi shaklida barpo etishni maslahat berdilar. Ark qal’asi ana shu shaklda quriladi,  keyin esa u buzilmadi degan ma’lumotlar bor.

Ark qal’asining joylashuvi va ko’rinishi

Ark qal’asi yer ustidagi katta balandlik, u balandligi 20 m cha bo‘lgan tepalik  ustiga qurilgan. Ark g‘arbdan sharqqa cho‘zilgan noto‘g‘ri to‘rtburchak shakliga ega.

Janubi-sharq burchagi biroz kesilgan. U qadimiy va hamisha navqiron Buxoro  shahrining g‘arb tomonida joylashgan. Qal’a devorining uzunligi 789,6 m., balandligi

16-20 m., yer maydoni 3,96 ga ni tashkil etadi.  Ark qal’asi bir necha marta ta’mirlangan va qayta qurilgan. Ko‘tarila boruvchi  yo‘l (pandus) orqali arkning g‘arb tomonidan ulkan yog‘och darvoza (XVI asr) orqali  ichkariga kiriladi. Pandusning uzunligi 20 m ni tashkil etadi. Uning ikki yoni massiv

toshli piramida bilan o‘ralgan.  Ark qal’asi peshtoqining ikki tarafidagi burchaklardagi minorachalar –

“guldastalar” konstruksiyasi va ular oralig‘idagi uch qavatli bino yaxshi saqlangan.

Ark ichkarisiga olib kiradigan uzun dolon – yo‘lakning chap devorida 12 ta va o‘ng  devorida 13 ta taxmon-tokcha joylashgan. Chap tomondagi tokchalarning ba’zilarida  zindonga kiradigan eshikchalar bor.  “Guldasta”lar tagida xavfli jinoyatchilar saqlanadigan zax va dim yerto‘la –  kanaxonalar bo‘lgan. Dolonning o‘ng tomonidagi o‘rta tokchada afsonaviy qahramon  Siyovush arvohiga Navro‘z bayramlarida chiroq yoqilgan. Amir saysxonasiga  (otxonasiga) ham shu yerdagi zinadan kirilgan (otxona mahbuslar joylashgan xonalar  ustida bo‘lgan).

Arkning atrofida joylashgan inshootlar

Dolondan chiqaverishda to‘pchi boshining mahkamasi, shu yerdagi ayvon tagidagi yerto‘lada esa qiynoqxona bo‘lgan. Undan sal narida (g‘arbiy burchakda) XVIII asrda peshayvonli Juma masjidi qurilgan. Masjid devorlarini ichki tomonidagi naqshlar orasiga Qur’on oyatlaridan bitilgan. Peshayvon shipi murakkab girrix naqshlar bilan bezatilgan.
Ark qal’asining shimoli-g‘arb burchagida to‘pchi boshining uyi joylashgan. Masjidning sharq tarafida oshxona, orqa tarafida zarbxona (oltin, kumush va chaqa tangalar zarb qiladigan xona) joylashgan. Zarbxonaning shimoli-sharqida zargarxona, janubida devonbegining mahkamasi va qushbegiga qarashli binolar bo‘lgan (ba’zi binolar hozir ham bor). Juma masjididan boshlangan tor yo‘lak qushbegi hovlisi orqali chorsuga tutashgan.
Chorsuning chap tomonida tosh yotqizilgan katta hovli – ko‘rinishxona o‘rnashgan. U yerda elchilar qabul qilingan va amirlarning taxtga o‘tirish marosimlari o‘tkazilgan. Hovliga kiraverishdagi naqshli peshtoq 1605-yilda qurilgan. Hovlining uch quyosh tushar tomoni peshayvon bilan o‘ralgan. Oldingi peshayvonda ikki qator naqshli ustunlar bo‘lib, ularning qoshi pastdan yuqoriga yo‘g‘onlashib boruvchi
muqarnaslar bilan bezatilgan. Nurota marmaridan qilingan taxt ana shu ayvondagi taxtiravon tagida turgan. Hovlining janub tomonida Mehmonxonai Rahimxoniy va qorixona qurilgan (XVIII asr). Bu binolar tagida yerto‘lalar bo‘lib, ularda xazina saqlangan.
Arkning g‘arb tomonidagi hovlida mirzalar va xizmatchilar uchun ikki qavatli binolar qurilgan. Sal narida salomxona, undan Sharq tomonda mehmonxonalar, mansabdorlarga qarashli boshqa binolar (miyon hovli) joylashgan. Janubroqda hammom, uning Sharq tomonida kichkina masjid qurilgan, ular hozirgacha saqlangan.
Arkning markazida o‘rda (amirning xotinlari turadigan uylar), shimolida qushbegi xotinlari turadigan uylar joylashgan. Hammomning sharqida duxtarxona – amir haramidagi qizlar uylari o‘rnashgan. Shimoli-sharqiy burchakda Chil duxtaron masjidi va Battol g‘ozi mozori bo‘lgan. Arkning sharqiy devori bo‘ylab g‘ulombachchalar (soqchilar) xonasi, janubi-sharqiy burchakda dorixona (o‘q-dorilar
xonalari) joylashgan. Hozirgi paytda bu binolarning taxminan 20%i saqlangan.
Arkning g‘arbiy devoridan boshqa hamma devorlari va ularning burchaklardagi minoralar buzilib ketgan. Ark ansambli mustaqillik yillarida so‘nggi bor restavratsiya qilingan.
Agar Buxoro shahrining me’moriy yodgorliklarini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, ishni Ismoil Somoniy maqbarasi (IX-XII asrlar) bilan tanishishdan boshlagan ma’qul. Ushbu maqbara Buxoro Arkining g‘arb tomonida, undan uzoq bo‘lmagan yerda joylashgan.
1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati”ga kiritilgan.