yerga egalikning to‘rt turi .
Xonlikda yerga egalikning to‘rt turi mavjud bo‘lgan. Ular:
1. Xiroj yerlar – yer egalarining xususiy yerlari;
2. Davlat yoki amlok yerlar – xonga qarashli yerlar,
o‘rmonlar, to‘qaylar, yo‘lu-ko‘priklar;
3. Xususiy yerlar – xonning maxsus farmoyishi bilan
yirik amaldorlarga berilgan yerlar (suyurg‘ol);
4. Vaqf yerlar – diniy muassasalarga, ya’ni
masjid, madrasa, mozorlarga qarashli yerlardir.
Bundan tashqari qishloq jamoasiga tegishli yerlar, ko‘l va adirlar ham bo‘lib,
ulardan aholi umumiy asosda foydalangan.
Amlok xon ixtiyoridagi yer bo‘lib, u «zamini xos», deb ham atalgan va
undan keladigan barcha daromad xonning ixtiyorida bo‘lgan.
Bunday yerlar xon tomonidan ayrim guruh va shaxslarga berilgan.
Yerni olgan kishi, uni o‘z hisobidan sug‘orib, olgan hosilidan xonga
soliq to’lagan va bu soliq miqdori xirojdan ortiq bo‘lgan.
Yerga egalikda mulk, ijara, urg‘u, tanho shakllaridan ham foydalanilgan.
Mulk – boylarga qarashli bo‘lgan xususiy yerlar bo‘lib, ular dehqonlarga ijaraga berilgan.
Ijara – muayyan shartlar asosida beriladigan barcha ko‘chmas va ko‘chadigan mulk –
yer, ariq, tegirmon, tim, rasta, ulov va boshqalarni o‘z ichiga olgan mulk shakli bo‘lsa,
urg‘u – musodara qilish yo‘li bilan xon mulkiga aylantirilgan yoki
gunohkorni qo‘lga olishda jonbozlik qilgan shaxslarga berilgan
yer va boshqa mol-mulkdir.
Tanho – hukmdor tomonidan alohida xizmat ko‘rsatgan kishilarga
amlok yerlardan ba’zilarini in’om etilishi tufayli paydo bo‘lgan mulk shakli bo‘lib,
bunday yerlarda soliq yig‘ish huquqi tanho egalari – tanhodorlarga berilgan.
U o‘ziga berilgan yer, bir nechta qishloq, hatto katta
mulkning yillik yoki yarim daromadini hadya sifatida olgan.
Ba’zan kishi bir umr tanhodor bo‘lgan va o‘g‘li xon marhamatiga sazovor bo’lsa,
tanhodorlik meros tarzida davom etgan.
Harbiylarga tanho yoki xiroj taqdim etilsa, u tarxon, deb atalgan.
Xonlikda mehnatkash aholining turmushi og‘ir bo‘lib,
ularning ko‘pchiligida yer bo‘lmagani sababli
katta yer egalarining yerlarida ishlab kun kechirganlar.
O‘z kuchini sotish evaziga tirikchilik qiluvchi bunday dehqonlar chorakorlar deb atalgan.
Yer egasiga yollanib, uning ot-ulovi va ish qurollaridan foydalanib
dehqonchilik qilgan chorakor yetishtirgan hosilining 1/5 qismini xirojga to‘lagach,
qolgan hosilning 3/4 qismini yer egasiga topshirgan.
Uning o‘zida hosilning 1/4 qismi qolgan.
Agar chorakor paxta yoki oq makkajo‘xori ekib dehqonchilik qilgan bo‘lsa,
yuqoridagi chiqimlardan so‘ng unga hosilning 1/3 qismi qolgan.
Qishloq aholisi tirikchilik uchun yana boshqa yumushlarni ham bajargan.
Masalan, hosil pishib yetilguncha erkaklar mardikorlik, ayollar esa
yaylovlarga chiqib chorvachilik bilan shug’ullanganlar.
Sug‘orish tarmoqlarining mavsumiy ta’minoti dehqonlar zimmasiga yuklatilgan.
Ular hasharlarda ishtirok etganlar, ba’zan 15 kungacha ishlab
anhor va ariqlar qaziganlar.