Yetti iqlim — tarixiy-geografik tushuncha.
Yetti iqlim — tarixiy-geografik tushuncha.
Yerni yunon va Oʻrta asr Sharq fanida mintaqalarga boʻlish usuli.
Keng maʼnoda yerning tabiiy, siyosiy va maʼmuriy boʻlinishlari tarixiga ham aloqador.
Qadimda Yer sharini yaxlit tasavvur etish bilan birga,
uni maʼlum qismlarga ajratib ham oʻrganganlar.
Rivoyatlarda Nuh paygʻambar Yer yuzini 3 qismga ajratib, 3 oʻgʻliga —
shimoldagi oʻlkalarni Yofasga,
oʻrtadagi mamlakatlarni Somga va
janubdagi joylarni Homga bergan deyiladi.
Qadim zamonning afsonaviy qahramoni Afridun esa,
Yer yuzini sharq — gʻarb yoʻnalishida taqsimlab, uni oʻgʻillariga belgilabdi:
sharqiy yerlarni Turga,
oʻrtadagi joylarni Erajga va
gʻarbiy qismni Salimga.
Abu Rayhon Beruniyning “Geodeziya” asarida qadimgi eronliklar Yerni 7 qismga boʻlib,
har bir qismni “kishvar” deb ataganliklari qayd etilgan.
Yerni 7 kishvarga boʻlish siyosiy-geografik uslubga asoslangan edi.
Ularning tasavvurida 7 kishvar 7 doirada:
1 doira markazda, kolganlari uning atrofida tutash joylashtirilgan.
Markaziy doira (toʻrtinchi kishvar)dan
1. Iroq,
2. Fors,
3. Jabal,
4. Xuroson,
5. Sijiston,
6. Zabuliston,
7. Tohariston oʻlkalari oʻrin olgan.
Yetti iqlim tushunchasi dastlab yunon fanida vujudga kelgan,
oʻrta asrlarda musulmon Sharqi ilm-fanida keng tarqalgan.
Umuman, “iqlim” istilohi yunoncha “klima”dan olingan va yer yuzining
quyosh nurlariga nisbatan qiyaligi degan maʼnoni anglatgan.
Beruniy “Geodeziya” asarida “Yunonlar odam yashaydigan yerni aniqroq boʻlgan
(kecha va kunduz orasidagi) tafovutga muvofiq
bir-biriga (parallel) boʻlgan chiziqlar bilan 7 iqlimga boʻlganlar.
U chiziqlar Mashriqda maʼmur yerlarning eng uzogʻidan tortib Magʻribning oxiriga boradi.
Ular birinchi iqlimning oʻrtasidan boshlab eng uzuni 13 soat boʻladigan yoz kuni,
ikkinchi iklimning oʻrtasini eng uzuni 13 yarim soat boʻladigan yozning kuniga ilashtirdilar.
Shunday qilib, iqlimning oʻrtasini yarim soatdan oshirib borib, eng uzuni 16 soat boʻladigan
yoz kuniga ilashtirdilar”, deb yozadi.
Maʼlum boʻladiki, yunonlar Yerni astronomik uslubda, yaʼni Quyosh nurining Yerga qiya tushishi asosida ekvatordan shimol tomon Yetti iqlimga boʻlganlar va
ularning chegaralari eng uzun yoz kuni yarim soatdan farq qiladigan joydan oʻtgan.
Sharq geografiyasida yunon fanidagi “etti iklim” tushunchasi qabul qilingan.
Chunonchi, yunonlar Yetti iqlimga yerning ular tushunchasidagi aholi yashaydigan obod qismini (Sharqiy yarim sharning shimol pallasini) kiritganlar va uni
“eykumena” yoki “oykumena” (yun. “oykeo” — obod qilmoq) deb ataganlar.
Sharq geografiyasida mazkur tushuncha
arabcha “maʼmura” (obod joylar) yoki
“rubʼi maskun” (Yerning odamlar yashaydigan choragi) degan soʻzlar bilan ifoda etildi.
Dunyoning obod qismi, asosan, Yetti iqlim doirasida joylashgan, deb tushunilgan boʻlsada,
uning chegaralariga birmuncha anikliklar kiritildi, mazmunan boyitildi.
yunon olimlari Marin Tir va Klavdiy Ptolemey oykumenaning chegaralarini
janubda ekvatordan, shimolda 63° sh.k.gacha deb bilganlar.
Muhammad ibn Muso Xorazmiy ham Yetti iqlimning janub chegarasini janubda ekvatordan hisoblagan, lekin shimolni-hoyasini 48° sh.k.da ifodalagan.
Abu Rayhon Beruniy oʻz kuzatishlari va hisob-kitoblari asosida
fandagi iqlimlar toʻgʻrisidagi tafovutli fikrlarga barham berdi.
Beruniy Yetti iqlimning janub chegarasini 12° 39’ 5″ sh.k.dan oʻtkazdi va undan
ekvatorgacha boʻlgan oraliqni “birinchi ikdimning nariyogʻidagi yerlar” deb atadi.
Keyingi iklimlarni shunga parallel ravishda shimolga davom ettirib,
yettinchi iqlimning shimol chegarasini 50° 24’ 34″ sh.k. gacha yetkazdi.
Abu Rayhon Beruniy Yetti iqlim doirasidagi yerlarni obod joylar deb, Yetti iqlimdan shimoldagi va
birinchi iqlimdan janubdagi maʼlum yerlarni obodonligi nisbatan kamroq yerlar qatoriga kiritdi.
Yetti iqlim tushunchasi mohiyatidan Yer yuzasini tabiiy-geografik zonalarga boʻlishning
dastlabki eng oddiy koʻrinishi boʻlsada, biroq undan ancha farq qiladi.
Zero hozirgi tabiat zonalarini aniqlashda relyef, iqlim,
tuproq, oʻsimlik va hayvonot olami ham eʼtiborga olinadi.
Shunga qaramasdan Yetti iqlim tushunchasi Sharq geografiyasida 19-asrgacha saqlanib keldi.
Yetti iqlimga boʻlishning oʻz davri uchun bevosita ilmiy amaliy ahamiyati bor edi.
Qoʻlyozmalarda iqlimlar vositasida mamlakatlar, shaharlar va boshqa turli joylarning
geografik oʻrni ifodalangan. Shahar va qishloqlar roʻyxati tuzilgan,
koʻpincha ular iqlimlar tartibida joylashtirilgan. Bunday jadvallar
Muhammad ibn Muso Xorazmiyning “Kitob surat alarz” (“Yer surati”),
Abu Rayhon Beruniyning “Al-Qonun ul Masʼudiy” (“Maʼsud qonuni”),
Ulugʻbekning “Ziji jadidi Koʻragoniy” (“Koʻragoniy yangi astronomik jadvali”) asarlarida mavjud.
Iqlim chiziqlari yoki koʻrsatkichlari haritalarda ham belgilangan.
Muallif: Omonullo Boʻriyev.