9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

(Ushbu jarayonlarning eng asosiylari 10 ta)

1. korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
2. korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
3. korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni amalga oshiradi;
4. korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil qilishni amalga oshiradi;
5. jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘radi;
6. korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida, shu jumladan qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirishda ishtirok etadi;
7. aholi o‘rtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targ‘ibotga doir faoliyatda ishtirok etadi;
8. korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta’minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
9. korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
10. korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Manba: Karrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risidagi qonun. 2017-yil 3-yanvar.