25-modda. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yishga, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashga doir chora-tadbirlar
Quyidagilardan iborat:
1. korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlarining korrupsiyaning holatini va tendensiyalarini tizimli tahlil qilishga asoslangan samarali ishini tashkil etish, ularning faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik;
2. korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashning zamonaviy shakllari va usullaridan foydalanish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning texnik ta’minoti darajasini oshirish, ularning ishiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
3. sudlarning mustaqilligi va erkinligini, ular faoliyatining ochiqligini ta’minlash;
4. korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari o‘rtasida muvofiqlashtirishni va hamkorlikni ta’minlash;
5. jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlariga doir murojaatlari to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
6. korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot bergan shaxslarning himoya qilinishini ta’minlash;
7. korrupsiyaga qarshi kurashning samarali jinoyat-huquqiy va jinoyat-protsessual mexanizmlarini yaratish.
Manba: Karrupsiyaga qarshi kurashishto’g’risidagiqonun. 2017-yil 3-yanvar.