Hayit namozining oʻqilish tartibi
Ikki hayit namozi bizning mazhabda vojibdir. Baʼzi mashoyixlarimiz sunnati muakkada ham deyishgan. al-Jomeu-s-sagʻirda sunnat deyilgan. Chunki, uning vojibligi Kitob (Qurʼon) orqali emas, balki Sunnat bilan sobit boʻlgan.
Juma namozi farz boʻlgan odamlarga ikki hayit namozini oʻqish vojibdir.
Hayit namozining vaqti zuho namozining vaqtidir. Yaʼni, quyosh bir (yoki ikki) nayza boʻyi chiqqandan boshlab, zavoldan biroz oldingacha boʻlgan vaqtga qadar oʻqish mumkin.
Hayit namozi xuddi juma namozi kabi jamoat bilan ikki rakʼat oʻqiladi. Ammo, azon va iqomat aytilmaydi. Agar, hayit namoziga ulgurolmay qolgan boʻlsa, yolgʻiz holda oʻqimaydi. Balki, sal kechroq oʻqiladigan boshqa joyda oʻqishga ulgurolsa boshqa masjid yoki musalloga borib jamoaga qoʻshilib oʻqiydi.
Hayit namozida zavoid takbirlarini aytish vojibdir. Bular namoz takbirlariga qoʻshimcha takbirlar boʻlgani uchun zavoid (qoʻshimcha) takbirlar deb ataladi.
Birinchi rakʼatda, namozga “Allohu akbar” deb takbiri tahrima bilan boshlab, sanoni oʻqigandan soʻng, imom ketma-ket uch marta takbir aytadi. Namozxonlar ham imomga ergashadilar. Mazkur takbirlarning har biri rafʼul yadayn yaʼni, qoʻlni quloq barobarida koʻtarib-tushirish bilan amalga oshiriladi.
Har bir takbir orasida imom uch marta subhonaloh deydigan miqdorda tin oladi. Yoki, unga ergashgan namozxonlar takbirni aytib oladigan muddat tin oladi. Chunki, imom takbirlar orasini ulab, tez aytib yuborsa, namozxonlar chalkashib qolishi mumkin. Imom har bir takbir orasida maxfiy tarzda
“subhonallohi valhamdulillahi vala ilaha illallohu vallohu akbar” deyishi ham mumkin.
Zavoid takbirlar aytilayotganda qoʻllar bogʻlanmay, ikki yonga erkin tushiriladi.
Mazkur uchta zavoid takbirlarini aytgandan soʻng, qoʻllar bogʻlanib, imom qiroatni boshlaydi. Soʻngra rukuga ketadi, rukudan turadi va ikki sajda qiladi. Soʻng, ikkinchi rakʼatga turganda dastlab (zavoid takbirlarni aytmasdan) qiroat boshlaydi. Qiroatdan soʻng, zavoid takbirlarini avval aytilgan tartibda amalga oshiradi. Soʻngra, rukuga ketadi.
Demak, birinchi rakʼatda zavoid takbirlar sanodan soʻng, qiroatdan avval aytib olinsa, ikkinchi raʼkatda qiroatdan keyin yaʼni fotiha va zam sura oʻqilgandan keyin aytiladi. Buning sababi, har rakʼatdagi qiroatlar orasi ulanishi va ketma-ket boʻlishi uchundir.
Agar imom, namozning boshida qoʻshimcha takbirlarni aytishni unutib, qiroatga boshlab yuborsa, va shu asnoda esiga tushib qolsa, zavoid takbirlarni aytib, soʻngra qiroatga qaytadi. Bordiyu, qiroat qilib boʻlgandan soʻng esiga tushib qolsa, zavoid takbirlarga qaytmay rukuga ketadi.
Agar maʼmum (imomga ergashib namoz oʻquvchi) birinchi rakʼatga imom qiyomdalik holatida yetishgan boʻlsa, namozga qoʻshilishi bilan zavoid takbirlarini oʻzi aytadi, garchi imom qiroat qilayotgan boʻlsa ham.
Agar, maʼmum zavoid takbirlarni aytishga ulgurmasdan imom rukuga ketib qolsa, rukudalik holida rafʼul yadayn qilmasdan zavoid takbirlarni aytadi.
Agar, namozxon birinchi rakʼatga ulgurmasdan ikkinchi rakʼatga yetib kelgan boʻlsa, imom salom bergach oʻrnidan turib, ulgurmagan rakʼatini oʻqiyotganda qiroatdan soʻng aytadi mazkur takbirlarni.
Hayit namozini oʻqib boʻlgach, imom ikki xutba qilishi sunnatdir. Xutba uchun minbarga koʻtarilganda xutbadan avval imom oʻtirmaydi. Chunki, julus muazzinning azonni aytib boʻlishini kutish uchun joriy boʻlgan. Hayit namozida esa azon aytilmaydi. Shu bois, xutbani boshlashdan avval oʻtirilmaydi. Ikkinchi xutba orasida qisqagina muddatga oʻtiradi xolos.
Manba: Olimjon Haydarovning telegram kanali