O’zbek shaxmatchilari
O’zbek shaxmatchilari-2022
2022-yilning 29-iyulidan 11-avgustigacha 14 kun davomida Hindistonning Chennay shahrida 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o’tkazildi. Bu olimpiadaga dunyoning turli joylaridan jami 188 ta jamoa tashrif buyurgan bo’lib, ular orasida O’zbekistonning erkaklar va ayollar terma jamoalari ham bor edi. Olimpiada juda ham ajoyib ko’rinishda o’tdi. Bu olimpiada hech kim kutmagan, hatto xayoliga keltirmagan natija bilan yakunlandi. Ya’ni O’zbekistonning erkaklar jamoasi birorta ham mag’lubiyatga uchramagan holda birinchi o’rinni oldi. Biz ushbu jarayonlarni OAV orqali uzluksiz kuzatib bordik va bu tarixiy voqeani quyida umumlashtirib, bir maqola ko’rinishida shakllantirdik. Birinchi raqamli manbamiz Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevning Telegram kanali orqali olishimiz mumkin:
Bu kanalda barcha o’tkazilgan shaxmat musobaqalari bo’lib-bo’lib joylangan bo’lib, tezkor xabarlarni bir joyga terib chiqdik. Ko’zlangan maqsad tarixiy voqeani tarixda qolishiga hissamizni qo’shish.
28-iyul sanasida shaxmatchilarimiz Hindiston sari eng nufuzli shaxmat olimpiadasiga dunyoning 14-raqamli terma jamoasi sifatida yo’l olishdi.
O’zbekiston shaxmat tarixiga yorqin natijalar bilan kirish uchun sportchilarimiz bor kuch imkoniyatlarini ishga solishga qaror qilgan holda 29-iyuldan boshlab raqiblari bilan kuch sinashishga kirishishdi.
*1-tur
Shaxmatchilarimizning ilk raqiblari birinchi turda erkaklar terma jamoasi Nepal vakillariga qarshi dona surishdi. Shaxmatchi qizlarimiz jamoasi esa musobaqani Ganaga qarshi boshlashdi. Vakillarimizning o‘yinlarini https://chessolympiad.fide.com sayti orqali barcha shaxmat muhlislari qatorida O’zbekiston xalqi ham katta ishtiyoq bilan sprotchilarimizga omad tilagan holda onlayn kuzatib borishdi. Shaxmatchi yigit-qizlarimiz ilk turni mutlaq g‘alaba bilan boshlashdi!
Birinchi turda erkaklar terma jamoamiz — Nodirbek Abdusattorov (2004-yil), Nodirbek Yakubboyev (2002-yil), Javohir Sindarov (2005-yil) va Shamsiddin Vohidov (2002-yil) nepallik raqiblari ustidan;
ayollar terma jamoamiz — Umida Omonova (2006-yil), Afruza Hamdamova (2009-yil), Maftuna Bobomurodova (2006-yil) va Marjona Malikova (2002-yil) ganalik raqiblari ustidan g‘alaba qozonishdi!
Oʻzbekiston — Nepal 4:0 (erkaklar). Oʻzbekiston — Gana 4:0 (ayollar)
Boshlanishi g‘alaba bo‘ldi, oxirigacha mana shunday a’lo natijalar va gʻalabalar boʻlishini tilagan holda keyingi turlarni kuzatishda davom etdik.
Jamoani ham ruhan ham manan qo’llab turgan Alisher Sa’dullaev kech bo’lishiga qaramasdan Hindistonda bo’lib turgan shaxmat terma jamoamiz vakillarini mutlaq g’alaba bilan tabriklab, jamoamizning kayfiyatini zo’r darajaga ko’tarishga o’zini katta hissasini qo’shdi.
*2-tur
Hindistonning Chennay shahrida Butunjahon shaxmat olimpiadasining 2-turi 30-iyul kuni start oldi.
Ayollar terma jamoamiz — Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Afruza Hamdamova, Marjona Malikovalar AQSHlik shaxmatchilarga qarshi, erkaklar terma jamoamiz — Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindarov, Jahongir Vohidovlar Ferer orollari vakillariga qarshi dona surishdi. 2-tur o‘yinlarini onlayn kuzatib borish uchun ayollar va erkaklar bellashuviga alohida havolalar taqdim etildi.
Erkaklar jamoasini o’yinini https://chess24.com/en/watch/live-tournaments/olympiad-chennai-2022-open
Ayollar jamoasini o’yinini https://chess24.com/en/watch/live-tournaments/olympiad-chennai-2022-women havolalari orqali kuzatib borildi.
Umida Omonova AQSH nomidan qatnashayotgan Yip Carissani mag‘lubiyatga uchratdi. Ma’lumot uchun, Umida Omonovaning FIDE reytingi 2195, raqibi Yip Carissaniki esa 2416 edi. Umida Omonova o‘zidan ancha kuchli raqibiga qarshi oxirigacha kurashdi, juda katta matonat va iroda ko‘rsatdi. Barakalla!
Butunjahon shaxmat olimpiadasining 2-turi yakunlandi. Erkaklar terma jamoamiz Ferer orollari vakillariga qarshi dona surib, mutlaq g‘alaba qozonishdi. O‘zbekiston — Ferer orollari 4:0. Ayollar terma jamoamizdan 3 nafar vakilimiz AQSHlik shaxmatchilarga qarshi o‘yinda imkoniyatni boy berdilar, afsuski. Ammo Umida Omonova AQSHlik raqibi ustidan g‘alaba qozonishi natijasida O‘zbekiston — AQSH 1:3. AQSH ayollar terma jamoasi jahon tasnifida 7-o‘rinda, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa 46-o‘rindan joy oldi. Tan olish kerak, ayollar terma jamoamizning 2-turdagi raqiblari juda kuchli edi. Shunga qaramay, ular oxirigacha kurashib, juda munosib qarshilik ko‘rsatishdi.
*3-tur
31-iyul kuni Butunjahon shaxmat olimpiadasining 3-turi start oldi. Olimpiadaning 3-turida erkaklar terma jamoamiz Sloveniya vakillariga qarshi, ayollar terma jamoamiz esa Zambiya vakillariga qarshi dona surishdi.
3-turda erkaklar terma jamoamiz — Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov raqibi ustidan toʻliq gʻalaba qozondi, Nodirbek Yakubboyev va Shamsiddin Vohidov esa durang qayd etdi. Oʻzbekiston ?? — Sloveniya 3:1.
Ayollar terma jamoamiz — Nilufar Yakubboyeva, Umida Omonova, Afruza Hamdamova va Maftuna Bobomurodovalar Zambiya vakillari ustidan mutlaq gʻalabani qoʻlga kiritishdi. Oʻzbekiston — Zambiya 4:0.
*4-tur
1-avgust kuni Butunjahon shaxmat olimpiadasining 4-turi start oldi. Bu turda erkaklar terma jamoamiz AQSH terma jamoasiga qarshi, ayollar terma jamoamiz esa Dominikan Respublikasi vakillariga qarshi dona surdilar.
Shaxmatchilarimiz ilk marotaba ushbu turdan so’ng Alisher Sa’dullayev tomonidan “Kun qahramonlari”! nomi bilan tilga olindi. O’zlaridan reytingda yuqoriroqda turadigan, tajribaliroq, yosh jihatdan ham katta bo’lgan turnir favoriti — AQSH vakillari bilan yigitlarimiz durang qayd etishdi. G’alabaga yaqin edik, Jahongir Vohidovga vaqt kamlik qildi, Nodirbek Yakubbayev ham durangga imzo chekkan bo’lsa, Javohir Sindarovga omad yetishmadi. Nodirbek Abdusattorov (2688) haqiqiy chempionlik xarakterini ko’rsatib, tajribali raqibi Fabiano Karuana (2783) ustidan g’alaba qozondi.
*5-tur
2-avgustda start olgan shaxmat olimpiadasining beshinchi bosqichi erkaklar jamoasining to‘liq g‘alabasi bilan yakunlandi!
O‘zbekistonlik shaxmatchilar yana Slovakiya terma jamoasi ustidan 4:0 hisobida so‘zsiz g‘alaba qozonishdi. GM Nodirbek Abdusattorov (2688) darhol tashabbusni o’z qo’liga oldi va GM Jergus Pechakni (2594) tezda mag’lub etdi. GM Nodirbek Yoqubboev (2620) va GM Javohir Sindarov (2629) raqiblari IM Viktor Gazik (2544) va IM Yuray Druska (2519) bilan bo’lgan raqobatda g’alaba qozondi. GM Jahongir Vohidov (2564) GM Kristofer Repkani asta-sekin mag’lub etib, g’alabali uchrashuvni yakunladi.
Olimpiadaning 5-turidan so‘ng O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi (N.Abdusattorov, N.Yakubboyev, J.Sindarov, Sh.Vohidov) 9 ochko to‘plab, umumjamoa hisobida 3-o‘ringa ko’tarilishgan bo’lsa, e’tiborlisi, Nodirbek Abdusattorov 100 foizlik natija ko‘rsatib, reytingda 2-o‘ringa chiqib oldi.
*6-tur
3-avgust kuni Butunjahon shaxmat olimpiadasining 6-turi start oldi. Bu turda erkaklar terma jamoamiz musobaqaning 2-raqamli jamoasi, mezbonlar Hindiston terma jamoasi bilan kuch sinashishdi. Qizlarimiz Shotlandiya terma jamoasiga (68-o‘rin) qarshi dona surishdi.
Yana bir bor “Kun qahramonlari”! Ayollar terma jamoamiz vakillari Shotlandiya terma jamoasiga qarshi o’yinda mutlaq g’olib bo’lishdi. O’zbekiston — Shotlandiya 4:0.
Erkaklar terma jamoamiz esa musobaqaning 2-raqamli jamoasi, olimpiada mezboni Hindiston terma jamoasi bilan o’yinda durang qayd etishdi. O’zbekiston — Hindiston 2:2.
*Kutilgan qaror
Hindistonda shaxmatchilarimiz qahramonlik ko’rsatayotgan bir vaqtda Prezidentimiz shaxmatni tizimli ravishda rivojlantirish va ragʻbatlantirishga qaratilgan PQ-347-sonli qarorni imzoladilar.
⚡️ 1-o’rinni olsak, 3 mlrd so’m naqd, har bir ishtirokchiga 600 mlndan) Trenerlarga esa tarixda birinchi marta shuning teng yarmi miqdorida
⚡️Prezident qarori bilan shaxmat bo‘yicha 2023-yildan boshlab har yili tizimli ravishda:
➖ Yoshlar o‘rtasida barcha hududlarda “Rokirovka” turniri;
➖ Keksa avlod vakillari o‘rtasida “Nuroniylar” kubogi;
➖ Nogironligi bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida “Cheksiz imkon” turniri;
➖ 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan 50 000 AQSH dollari miqdorida mukofot fondiga ega “Women’s Chess Championship” xalqaro turniri;
➖ Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar shaxmatchilari o‘rtasida an’anaviy “Uzbekistan Chess Open” xalqaro turniri o‘tkazilishi belgilab qo’yildi.
*7-tur
Va nihoyat kutilgan natija sari shaxmatchilarimiz dadillik bilan o’lg’a yurishda davom etishayotganligini 7-tur natijasidan so’ng isbotlab berishdi. O’zbekiston birinchi o’ringa chiqib oldi! Erkaklar terma jamoamiz Peru terma jamoasi ustidan g’alaba qozondi! O’zbekiston — Peru ?? 4:0. 7-tur natijalaridan so’ng O’zbekiston olimpiadada birinchi o’ringa chiqib oldi.
Alisher Sa’dullayev ushbu turdagi g’alabadan so’ng, O’zbekistondan turib olimpiadani shunchaki kuzatib turishga o’zida kuch topa olmay, Hindiston sari yo’lga chiqdi. Maqsad og’ir aqliy mehnat natijasida O’zbekistonni birinchi o’ringa olib chiqqan jamoani qo’llab-quvvatlab turish edi.
*8-tur
6-avgust kuni Butunjahon shaxmat olimpiadasining 8-turi start oldi. Bu turda erkaklar terma jamoamiz Germaniya terma jamoasiga qarshi, ayollar terma jamoamiz esa Shimoliy Makedoniya vakillariga qarshi dona surdilar. Erkaklar terma jamoamiz Germaniya terma jamoasiga qarshi dona surib, 2,5:1,5 hisobida g’alaba qozonishdi. O’zbekiston — Germaniya 2,5:1,5.
Ayollar terma jamoamiz esa Shimoliy Makedoniya vakillariga qarshi dona surib, ular ham 2,5:1,5 hisobida g’alaba qozonishdi! O’zbekiston — Shimoliy Makedoniya 2,5:1,5.
*9-tur
7-avgust kuni olimpiadaning 9-turi start oldi. Bu turda O’zbekiston erkaklar terma jamoasi olimpiada peshqadami Armaniston terma jamoasiga qarshi shaxmat donalari surishdi. Bu haqiqiy finalga tatigulik bahs bo’ldi!
Ushbu o’yinni jonli efirda, oʻzbek tilidagi sharh bilan Alisher Sa’dullayevning YouTube kanalida tomosha qilindi:
Oʻzbek tilidagi sharhni FIDE sport ustasi Hulkar Tohirjonova va Xalqaro grossmeyster Nafisa Moʻminova olib borishdi. Video ostidagi izohlarda terma jamoamizni qoʻllab-quvvatlab, ularga omad tilab xalqimiz kuzatib bordi.
Yuqorida aytganimizdek o’yin qizg’in tusda o’tdi. Javohir Sindarov turnir davomida hali mag’lubiyatga uchramagan, turnir peshqadami, Armaniston terma jamoasi vakili Samvel Ter-Sahakyan ustidan g’alaba qozondi.
Nodirbek Yakubboyev Armaniston terma jamoasi vakili Hrant Melkumyanga qarshi o’yinda durang natija qayd etdi.
Jahongir Vohidov Armaniston terma jamoasi vakili Robert Hovhannisyan ustidan juda chiroyli va ishonchli g’alaba qozondi!
Butunjahon shaxmat olimpiadasining 9-turida erkaklar terma jamoamiz turnir davomida hali mag’lubiyatga uchramagan, turnir peshqadami, Armaniston terma jamoasini 3:1 hisobda mag’lub etdi.
*10-tur
8-avgust kuni 10-tur start oldi. Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turida Oʻzbekiston terma jamoasi Hindiston-2 terma jamoasiga qarshi dona surdi. Ushbu o’yinni ham jonli efirda, oʻzbek tilidagi sharh bilan YouTube kanalda tomosha qilib borildi:
Vanihoyat kutilgan natija: Titanlar jangi: Nodirbek Abdusattorov Hindiston terma jamoasi vakili, turnir davomida hali mag’lubiyatga uchramagan Gukesh Dommarajmu ustidan g’alaba qozondi! Yashavor, Nodirbek!!!
Alisher Sa’dullayev o’yin davomidagi taassurotini quyidagicha ma’lum qildi.
“Bugun biz uchun o’ta og’ir va sinovli kun bo’ldi, Yaratgandan yuzimiz yorug’ bo’lishi rosa so’radik. Hind diyorida mag’lubiyatni tan olgandik, lekin shaxmatchilarimiz tan olishmadi, ulardagi jamoaviy ruh hamma narsadan ustun ekanligini hayot yana bir isbotladi. Hech qayerga qimirlay olmadim. Faqat Yaratgandan Nodirbekka kuch va iroda so’radim. Boshida ishonmadim, lekin Gukesh ham yig’lashni boshlaganidan ming shukrlar aytib, Nodirbek bilan maydonni tark etdik”.
Natija: ⚡️Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi — O‘zbekiston va Hindiston-2 terma jamoalarining durang o‘yinidan so‘ng O‘zbekiston 17 ochko bilan birinchi o‘rinda qoldi.
9-avgust kuni so‘nggi turda O‘zbekiston g‘alaba qozonsa, chempionlikni nishonlaydi — ochkolar teng kelib qolgan taqdirda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobga olinadi va bu borada ustunlik O‘zbekiston tomonida.
*11-tur
⚡️Butunjahon shaxmat olimpiadasida so‘nggi tur: Jonli efirda terma jamoamizning oʻyinini tomosha qiling! 9-avgust kuni Hindistonning Chennay shahrida oʻtayotgan Butunjahon shaxmat olimpiadasining so‘nggi 11-turi bo‘lib o’tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi Niderlandiya terma jamoasiga qarshi dona surdi.
Rasman g’alabani qo’lga kiritildi. 2026-yildagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi Oʻzbekistonda oʻtkazilishi haqida xabar berildi. Terma jamoamizning so‘nggi turdagi ushbu muhim o‘yinini YouTube tarmog‘idagi kanalda o‘zbekcha sharh bilan jonli efirda tomosha qilish imkoni barcha shaxmatchilarni qo’llab-quvvatlab turganlarga juda ham qo’l keldi. Oʻzbek tilidagi sharhni FIDE sport ustasi Hulkar Tohirjonova va Xalqaro grossmeyster Nafisa Moʻminova olib bordi.
Butunjahon shaxmat olimpiadasining so‘nggi 11-turida O‘zbekiston terma jamoasi vakili Jahongir Vohidov Niderlandiya terma jamoasi vakili Max Warmerdam ustidan g‘alaba qozondi va o’z doskasida individual natijalar bo‘yicha oltin medal oldi
Hindistonning Chennay shahrida oʻtgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasining so‘nggi 11-turida O‘zbekiston terma jamoasi Niderlandiya terma jamoasi ustidan g‘alaba qozonib, olimpiada chempioni bo‘ldi. O‘zbekiston tarixda birinchi marta shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Yana bir quvonarli xabar: O‘zbekiston terma jamoasi ushbu olimpiada davomida biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo’ldi. Barcha yurtdoshlarimizni tarixiy g‘alaba bilan tabriklaymiz!
*Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etgan terma jamoamizning to‘liq tarkibi bilan tanishing:
Erkaklar terma jamoamiz: Nodirbek Abdusattorov (18 yosh), Shamsiddin Vohidov (20 yosh), Jahongir Vahidov (27 yosh), Javohir Sindarov (17 yosh), Nodirbek Yakubboyev (20 yosh).
Ayollar terma jamoamiz: Afruza Hamdamova (13 yosh), Maftuna Bobomurodova (16 yosh), Nilufar Yakubboyeva (22 yosh), Umida Omonova (16 yosh), Marjona Malikova (20 yosh).
Bu yoshlar — bizning qahramonlar!
⚡️Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempionlikni qo‘lga kiritgan jamoamiz bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni ushbu buyuk g‘alaba bilan qizg‘in tabrikladi.
⚡️Hindistonning Chennay shahrida oʻtgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasining yopilish marosimida O‘zbekiston erkaklar terma jamoamiz turnirdagi eng chiroyli kiyim uchun ham mukofot oldi.
⚡️Butunjahon shaxmat olimpiadasi: O‘zbekistonga oltin medallar topshirildi va vatanimiz madhiyasi yangradi. Bugun butun jahondan kelgan eng kuchli intellekt egalari biz uchun o’z oʻrinlaridan turishdi. Bu — millatning faxri, Oʻzbekistonning faxri!
1927-yilda yo‘lga qo‘yilgan Hamilton-Russel shaxmat kubogiga O‘zbekiston nomini ham muhrlab qo‘yildi! Ushbu kubokka 2 yil davomida (2024-yil Budapeshtda bo‘ladigan olimpiadagacha) O‘zbekiston egalik qilishi ma’lum qilindi va 10-avgust tunda kubokni olib, shaxmat bo‘yicha chempionlarimiz Hindistondan O‘zbekistonga qaytishdi.
⚡️11-avgust kuni soat 02:45 da shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar terma jamoalari Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nishdi.
Chempionlarimizni tantanali va munosib kutib olishga barcha yurtdoshlarimiz, shaxmat ixlosmandlari, ommaviy axborot vositalari va blogerlar taklif etildi. Jarayonni youtubeda ko’rish:
Prezidentimizning shaxmatchilarga yo‘llagan tabrigini bosh vazirimiz Abdulla Aripov o‘qib eshittirdilar. Chempionlarimizning har biriga Equinox avtomobili sovg‘a qilindi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining qaroriga asosan chempionlarning har biriga 600 million so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.
⚡️Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi
“Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida har tomonlama munosib ishtirok etib, Olimpiada chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘lganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Sizlar dunyoning manaman degan shaxmat ustalari ishtirokida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan, 188 ta jamoa ishtirok etgan ushbu eng nufuzli shaxmat musobaqasidagi ulkan g‘alabangiz bilan mamlakatimiz sporti tarixida yangi sahifani ochib berdingiz.
Ushbu musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi o‘g‘lonlarimizning iste’dodiga butun dunyo yana bir bor tan berdi. Ayniqsa, Jahongir Vohidovning so‘nggi o‘yindagi g‘alabasi terma jamoamizning tarixiy g‘alabasini ta’minladi.
Shuni alohida g‘urur bilan ta’kidlash kerakki, sportning shaxmat turida butun dunyoda nom chiqargan Hindiston, AQSH, Armaniston, Niderlandiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlar vakillari ishtirok etgan ushbu olimpiadada terma jamoamiz a’zolari har tomonlama munosib ishtirok etib, bironta o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchramadi.
Sizlar shu tariqa o‘zbek shaxmat maktabining shon-shuhratini yuksak bosqichga olib chiqdingiz. Sizlar kabi azmu shijoatli, vatanparvar yoshlar eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.
Mana shunday zukko va katta salohiyatli o‘g‘lonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ota-onalaringiz va ustozlaringizga chin yurakdan tashakkur izhor etaman.
O‘zbekistonning shaxmatchi qizlari ham ushbu xalqaro musobaqada munosib ishtirok etib, o‘zlarining salohiyati baland ekanini yaqqol namoyish qildilar. Shu o‘rinda ularga ham chin qalbimdan tasanno aytaman”, deyiladi Prezidentimizning tabrigida.
Olimpiadani barcha OAV vakillari yoritib borishdi va bir-biridan chiroyli tilaklar bildirishdi.
Butunjahon Shaxmat Olimpiadasida O’zbekiston erkaklar terma jamoasi eng yosh va iqtidorli jamoalardan biri hisoblanadi deb yozdi Rustam Karimjonov telegram kanalida. E’tiborlisi 2 nafar o’yinchilarimiz Maktab o’quvchilari, 2 nafari Universitet talabasi va 1 nafari Samarqand viloyati shaxmat terma jamoasi bosh murabbiyi.
Jamomizning o’rtacha yoshi 20 yoshni tashkil etadi.
XTV vaziri Baxtiyor Saidov ham o’z tabrigini yo’lladi.
ҒАЛАБА МУБОРАК АЗИЗ ЁШЛАР!
Ўзбекистонимиз ёшлари жамоаси илк бор Бутунжаҳон шахмат олимпиадаси чемпиони бўлди. Бу хабар ҳар бир юртдошимиз қалбида ғурур туйғусини уйғотгани табиий. Ҳиндистоннинг Ченнай шаҳрида бўлиб ўтган Бутунжаҳон шахмат олимпиадасида Ўзбекистон эркаклар терма жамоасининг Нидерландия жамоаси устидан қозонилган ғалабаси тарих зарварақларига муҳрланиб қолиши табиий.
Чемпионларимиз Нодирбек Абдусатторов, Нодирбек Ёқуббоев, Жавоҳир Синдоров, Жаҳонгир Воҳидов, Шамсиддин Воҳидовларни мазкур ғалаба билан муборакбод этамиз.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni Toshkent arxitektura qurilish institutiga tashrif buyurib, shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxmatchilar haqida gapirdi. Bu haqda Xushnudbek Xudoyberdiyev telegram kanalida ma’lum qildi.
“2026 йили илк марта Шахмат олимпиадасига мезбонлик қиламиз. Мана кўрасизлар, бутун дунё ўша турнирга бутунлай бошқача кайфиятда келишади. Ўзбекистонга, чемпионлар юртига боряпмиз-ку, деб қаттиқ тайёргарлик кўришади. Кеча телефон қилганимда ҳам айтганимдек, биз улардан ҳам зўрроқ тайёрланишимиз керак”, – деди Шавкат Мирзиёев.
Шунингдек, давлат раҳбари Ўзбекистон терма жамоаси аъзоларини давлат мукофотлари билан тақдирлаганини маълум қилди. Йигитларга “Ўзбекистон ифтихори” фахрий унвони, қизларимизга эса “Келажак бунёдкори” медали бериш тўғрисидаги ҳужжатга имзо чекилган.
Бундан ташқари Президент чемпион йигитларимизга машиналар ҳам совға қилинишини эълон қилди.
“Чемпионларимизга яна қанақа совға беришни узоқ ўйладим. Мана, боксчиларимизга шундай катта пул мукофоти, машиналар бердик, шахматчиларимизга ҳам бермасак, адолатдан бўлмайди. Шу сабабли уларга машина ҳам совға қиладиган бўлдик. Ёш-ёш йигитларимиз уйига машина ҳайдаб борса, тасаввур қилинглар, бу ёшларимизга қандай катта мотивация бўлади”, — деди давлатимиз раҳбари.
Sprotchilar ⚡️Расман: Ўзбекистон шахмат терма жамоаси аъзолари ва устозлари давлат мукофоти билан тақдирланди
Президентнинг тегишли фармонига кўра, қуйидагилар тақдирланди:
«Ўзбекистон ифтихори» фахрий унвони билан
1) Абдусатторов Нодирбек Фазлиддин ўғли
2) Вахидов Жаҳонгир Таирович
3) Вохидов Шамсиддин Пулат ўғли
4) Синдаров Жавоҳир Санжарбекович
5) Якуббоев Нодирбек Муродбек ўғли
«Ўзбекистон Республикасида хизмат кўрсатган спорт устози» фахрий унвони билан
1) Егин Владимир Николаевич
2) Соколов Иван
«Келажак бунёдкори» медали билан
1) Бобомуродова Мафтуна Панжиевна
2) Маликова Маржона Абдимажид қизи
3) Омонова Умида Шуҳрат қизи
4) Ҳамдамова Афруза Акбаровна
5) Якуббоева Нилуфар Муродбек қизи
Bu quvonchli xabarlar turli ko’rinishda xalqimizga yetkazildi. Bu jarayon haqida ijobiy fikr bildirmagan bloger va jurnalistlar qolmadi. Muhimi, qahramonlarimiz vatan oldidagi mas’uliyatli vazifalarini vijdonan, sidqi dildan bajarib, O’zbekiston bayrog’ini ko’klarga ko’tarib, butun dunyoga o’zbek farzandlari qanday ekanligini ko’rsatib berishdi. Biz zamonamiz qahramonlari bilan faxrlanamiz. Yashanglar, o’zbek farzandlari!
Mualliflar: Namangan viloyati To’raqo’rg’on tumanidagi 13-IDUM tarix fani o’qituvchisi Furqatjon Bozorov va ona tili adabiyoti fani o’qituvchisi Qayumova Gulnora.