Ulug‘nahr arig‘i .

XIX asrning 60-70 yillarida Farg‘ona vodiysidagi
o‘z davri uchun ulkan inshoot hisoblangan Qo‘qon xonligining so‘nggi davrida,
ya’ni 1868-1871 yillarda qurilgan
Ulug‘nahr arig‘i ba’zi olimlarning ta’kidlashicha,
Farg‘ona vodiysidagi eng katta sug‘orish kanali hisoblanadi.
XIX asrning 70 yillari oxirida Qo‘qon xonligida bo‘lib o‘tgan siyosiy voqealar tufayli
kanal qurilishiga bag‘ishlangan yozma manbalar juda kam saqlanib qolgan.
Shuning uchun ham uni qurishdan ko‘zlangan maqsad tarixchi olimlar asarlarida turlicha talqin qilinadi.
V.S. Batrakovning yozishicha, kanalni qurishdan maqsad
Andijonning shimoliy qismida joylashgan yerlarni sug‘orish bo‘lib,
kanal qurilishi Rossiya imperiyasi tomonidan Qo‘qon xonligining tugatilishiga qadar davom etib,
u Yozyovongacha qazilgan va 1875 yilda faqat uning yarmi qurib bitkazilgan.
Tarixchi olimlar I.Po‘latov va A.Mustafoevlarning ta’kidlashlaricha,
Ulug‘nahr kanalining qurilishidan asosiy maqsad
xonlikning poytaxti Qo‘qon shahrini suv bilan ta’minlash bo’lgani uchun
u, Qo’qon shahrigacha qurib bitkazilgan.
Bu kanalning qurilishi bilan ilk bor Markaziy Farg‘onaning
janubi – sharqiy hududidagi yerlarni sug‘orish borasida qadam qo‘yilgan.