Arxeologik ma’lumotlar asosida xonaki va ixtisoslashgan hunarmandchilik turlarini o‘rganish uslublari

Ixtisoslashgan hunarmandchilikning vujudga kelishi sabablari.

Hunarmandchilik mashg‘ulotlari o‘zlashtiruvchi va ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklarga nisbatan oziq – ovqat mahsulotlarni qo‘lga kiritish yoki ishlab chiqarish vazifalaridan yiroq bo‘lsa-da, biroq insoniyat madaniyatining taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Mazkur tarixiy voqyelikni hunar mashg‘ulotlarning dastlabki bosqichlardagi kiyim tikish, marjonlar yasash, buyra va savatlar to‘qishdan boshlab, kulolchilik, qurolsozlik, zargarlik, to‘qimachilik rivojlanishida kuzatish mumkin.
Hunarmandchilik xonaki kasblar va ixtisoslashgan hunar shakllariga ajratilgan holda o‘rganiladi. Xonaki hunar kasblari ichki iste’mol bilan bog‘liq bo‘lib cheklangan ijtimoiy guruhlarning extiyojlarini qondirishga yo‘llangan, shuningdek ortiqcha mahsulotdan ayriboshlashda foydalanilgan. Ixtisoslashgan hunarmandchilik qadimiy iqtisod tizimida mustaqil tarmoqlarni tashkil etib, savdo – sotiq bilan bog‘langan.
Arxeologiya fanida xonaki va ixtisoslashgan hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishning texnologik xususiyatlari va mukammaligi (misol tariqasida qo‘lda va charxda yasalgan sopol idishlarning qiyoslash) hamda ishlab chiqarishning kasbiy darajasini aniqlash va boshqa belgilariga ko‘ra ajratilib o‘rganiladi.
O‘rta Osiyoda bronza davriga kelib ishlab chiqaruvchi qishloq xo‘jaligining taraqqiyoti hunarmandchilik sohalari rivojini jadallashtirib, shu sohalarda metallga ishlov berish bronza buyumlarini ishlab chiqarish, qurolsozlik, kulolchilik, to‘qimachilik, zargarlik kasblarida texnologik yangiliklar va o‘zgarishlar yuz berib, ixtisoslashgan hunarmandchilik vujudga keladi.
Shuningdek xonadon sharoitida toshdan, yog‘ochdan, charmdan, teri va jundan buyumlar hamda kiyim va poyabzal yasash usullari va an’analari o‘z ahamiyatini saqlab kelgan.

O‘zini – o‘zi ta’minlashni vujudga kelishi tarixi.

Mintaqa tarixining turli davrlarida (bronza, ilk temir va antik davri, ilk o‘rta asrlar) patriarxal oilalarning xo‘jaligi ko‘p jihatdan natural xususiyatga ega bo‘lib jamoalar turmush tarzi, hayot uchun zarur mahsulotlarni (g‘alla, un, yog‘, go‘sht, jun) qo‘lga kiritish, ya’ni o‘zini – o‘zi ta’minlash, ishlab chiqarilgan mahsulotning ma’lum qismi miqdoridan soliq to‘lash va ayriboshlash, savdo – sotiq jarayonida foydalanilgan.
Arxeologik tadqiqotlarda ishlab chiqarish markazlarning hududiy joylashning aniqlash, hunarmandchilik ustaxonalarini va turli kasb hunar sohalarida foydalanilgan asbob qurollarini o‘rganish o‘z dolzarbligi bilan ajralib turadi. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar asosida xonaki va ixtisoslashgan hunarmandchilik tarixi qayta tiklanadi.

Mezolit davri yodgorliklarining manzilgohlari.

Mezolit, neolit va eneolit davri tarixi. Tosh asrining keyingi rivojlanish bosqichi fanda mezolit (o‘rta tosh) davri O‘rta Osiyoda nisbiy tarzda mil. avv. 12-7 mingyilliklar bilan belgilangan. Mezolit – odamlarning yer yuzi bo‘ylab keng tarqalish davri bo‘lib, ular dengiz, ko‘llar va daryo bo‘ylari hamda tog‘li hududlarda yoyilganlar. Kaspiy bo‘ylaridan Tyanshan – Pomirgacha, Markaziy Qozog‘istondan Kopetdog‘ etaklarigacha bo‘lgan hududlardan mezolit davri yodgorliklarining namunalari topib o‘rganilgan. Machay (Surxondaryo), Obishir (Farg‘ona vodiysi), Bo‘zsuv, Qo‘shilish (Toshkent), Aydabol, Jayronquduq (Ustyurt), Sulton Uvays (Quyi Amudaryo o‘ng sohil yeralri) kabi O‘rta Osiyodagi 50 dan ziyod yodgorliklar shular jumlasidandir.

Mezolitning ilk va so‘nggi bosqichlarini belgilashda tadqiqotchilar geografik shart-sharoit, toshni qayta ishlash texnikasi va odamlarning turmush tarzi hamda mashg‘ulotlariga asosiy e’tibor qaratadilar.

Kichik tuyoqli, tez yuguruvchan hayvonlarning keng tarqalishi va yovvoyi o‘simliklarni xonakilashtirishga o’tilishi.

Mezolit davriga kelib yer yuzidagi ulkan muzlikning yana shimolga tomon siljishi natijasida iqlim barqarorlashib hozirgi davrdagiga ancha o‘xshab qolgan edi. Buning natijasida O‘rta Osiyo hayvonot olami va o‘simliklar dunyosida ancha o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.
Paleolit davrining yirik hayvonlari yo‘qola borib, ular o‘rniga kichik tuyoqli, tez yuguruvchan hayvonlar – jayron, sayg‘oq, bug‘ular, tog‘ echkisi, arslon, yo‘lbars, qoplon, quyon kabilar ko‘paya boradi. Shuningdek, janubga xos issiqsevar, yovvoyi boshoqli o‘simlik va daraxtlar ham tobora ko‘payib bordi. Tabiat va iqlimdagi bu o‘zgarishlar mezolit davri kishilarining hayotida ham o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Bu davrga kelib kishilar nisbatan nozikroq qurollar tayyorlashni o‘zlashtira boshladilar. Xususan, janubiy o‘lkalarda, shuningdek, O‘rta Osiyoda turli geometrik shakldagi mayda qurollar – mikrolitlar paydo bo‘lib ular uchun suyak va yog‘och dastachalardan qadama sifatida foydalanilgan. Undan tashqari, bu davrda insoniyat o‘z tarixidagi dastlabki murakkab moslama – o‘q-yoyni kashf etdi. Natijada chopqir, kichik tuyoqli hayvonlar va parrandalarni ov qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Mazkur davrning eng katta yutuqlaridan yana biri yaqin Sharq hududlarida yovvoyi hayvonlar – it, qo‘y, echki kabilarning qo‘lga o‘rgatilib, xonakilashtirilishi bo‘ldi. Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mezolit davrida Old Osiyoning ba’zi viloyatlarida termachilikdan yovvoyi o‘simliklarni xonakilashtirishga hamda ovchilikdan chorvachilikka o‘tish boshlanadi. Bu jarayon ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasi va tabiiy-geografik sharoit bilan bevosita bog‘liq edi.

Mezolit davrining mashhur yodgorliklaridan biri Surxon vohasidagi Machay (Boysun) g‘or-makonidan ko‘plab suyak va tosh qurollar topilgan. Suyak qurollar bigiz, igna, so‘zan kabilardan iborat bo‘lsa, tosh qurollar – pichoqlar, arrasimon qurollar, kesgichlar, ushatgich toshlar, nayza va o‘q uchlari kabilardir. Bu qurollarning o‘ziga xos belgilari mavjud bo‘lsa ham yaqin Sharqdagi mezolit yodgorliklaridan topilgan tosh qurollarga o‘xshab ketadi.

Machay makoni topilmalari.

Machay makonidan odam bosh suyaklari, tishi, jag‘i va boshqa qismlari qoldiqlari topilgan bo‘lib, bu topilmalarni o‘rganish tadqiqotchilarga O‘rta Osiyoning janubidagi mezolit davri kishilarining yevropoid irqiga mansub ekanligini aniqlash imkonini berdi.
Machay g‘orida bo‘ri, tulki, bars, mo‘ynali suvsar, quyon, jayra, olmaxon kabi hayvonlarning ham suyak qoldiqlari topilgan. Machaylik mezolit davri odamlari olovdan keng foydalanganlar hamda hayvon va parranda go‘shtlarini olovda pishirib yeganlar.

Obishir g‘or-makoni topilmalari.

Farg‘ona vodiysidan mezolit davriga oid Obishir g‘or-makonidan tosh qurollar, bigizlar, qirg‘ichlar, pichoq qadamalari topilgan. Shuningdek, topilmalar orasida yovvoyi hayvonlarning maydalangan va sindirilgan suyaklari, baliq tutishda ishlatiladigan qadoq toshlar ham bor. Topilgan ashyolarga asoslanib obishirliklar baliqchilik, ovchilik va termachilik bilan shug‘ullangan deyishimiz mumkin.

Markaziy Farg‘ona hududlari topilmalari.

Markaziy Farg‘ona hududlaridan Sho‘rko‘l, Achchiqko‘l, Yangiqadam, Bekobod, Zambar, Toypoqko‘l kabi 80 ga yaqin mezolit davri yodgorliklari aniqlandi. Ularning ko‘pchiligi ko‘l yoqalaridan topilgan bo‘lib aftidan bu joylar mezolit davri kishilarining yashashlari uchun ko‘pgina qulayliklarga ega bo‘lgan. Bu yerlardan topilgan ko‘pgina qurol va tosh buyumlar o‘zining nisbatan nozikligi, ixchamligi bilan paleolit davri qurollaridan ajralib turadi. Markaziy Farg‘onadagi mezolit davri qabilalari xo‘jalik hayotida ovchilik, termachilik hamda baliqchilik ustunlik qilib, qulay tabiiy-geografik sharoit mazkur hududlarda qadimgi odamlarning keng tarqalib yashashlari uchun imkoniyat yaratgan.

Qo‘shilish makoni topilmalari.

Toshkentning g‘arbida, qadimgi Bo‘zsuv anhori sohilida Qo‘shilish mezolit makoni o‘rganilgan. Ushbu makondan chaqmoqtoshdan ishlangan nukleuslar, mayda parrakchalar, uchrindilar, qirg‘ichlar, har xil shakldagi qurollar, tosh pichoqlar, silliqlangan tosh qurollar topilgan. Qo‘shilish makoni topilmalari mil. avv. XI-X mingyilliklariga oid bo‘lib, bu yerda yashagan qadimgi qabilalar ovchilik va termachilik bilan shug‘ullanganlar.

Mezolit davri yodgorliklarining geografik joylashuvi.

Xullas, mil. avv. XI-X mingyilliklariga kelib Kaspiy bo‘ylaridan Pomir tog‘larigacha, Kopetdog‘ etaklaridan Markaziy Qozog‘istongacha bo‘lgan keng hududlarda mezolit davri qabilalari yoyiladilar. Ushbu hududlarning geografik sharoiti xilma-xil bo‘lib, mezolit davri makonlari past tekisliklar, daryo va soy bo‘ylari hamda tog‘ oldi hududlarida joylashgan. Bu davr qabilalari va urug‘lari ovchilik, baliqchilik hamda termachilik bilan kun kechirganlar.

Ovchilikdan chorvachilikka va termachilikdan dehqonchilikka o’tish jarayoni.

Mezolit davrida ham urug‘ a’zolarining jamoa mehnati va o‘zaro yordamlari hayotning zaruriy sharti bo‘lgan. Kamon va o‘qlardan iborat yangi qurollarning xo‘jalikning yangi turlari vujudga keldi. Mil. avv. IX-VII mingyilliklar davomida Old Osiyoda ovchilikdan chorvachilikka va termachilikdan dehqonchilikka, xo‘jalikning ishlab chiqarish shakliga o‘tish boshlangan. Bu jarayon tarixda bir vaqtda boshlanmagan va ba’zi joylarda ancha erta, boshqa joylarda biroz kech sodir bo‘lgan.

Hayvonlarni qo‘lga o‘rgatish qay tariqa boshlangan?

Tarixchilar va etnograflarning aytishicha, ovda kamon ishlatilishi natijasida bevosita iste’moldan ancha oshiq o‘lja topish mumkin edi. Ovchilar yarador hayvonlarni yoki ularning bolalarini birdaniga o‘ldirmasdan, uylariga olib kelganlar. Ayrim xollarda, bu hay¬vonlarni odamlar oziq-ovqat g‘amlab qo‘yish maqsadida boqishlari lozim bo‘lgan.
Termachilik mashg‘ulotining rivojlanishi natijasida, inson o‘simliklar olami haqida ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lgan (o‘simlik va daraxtlar o‘sishi qonuniyatlari, hosil qilishi, ularning foydaligi va zararligi, don va urug‘lar, mevalar, ildizlar haqida va boshqa ma’lumotlar). Mezolit davrida qadimgi Sharqdagi issiqtalab yovvoyi boshoqli o‘simlik va daraxtlar ham tobora ko‘paya borgan. Bu yerda dehqonchilik rivoj topishiga turli xil imkoniyatlar bo‘lgan. Old Osiyo va Ikkidaryo – Dajla va Frot oralig‘ida yashovchi termachilar bug‘doy va arpa ekish tarixini boshlab berganlar. Shu hududlarda mil. avv. X-IX mingyilliklarda it va mushuk qo‘lga o‘rgatilgan. Ular eng qadimgi xonakilashtirilgan hayvonlar bo‘lib, it ovchilarga xizmat qilgan.

Neolit va Eniolit davri madaniyatini o’rgangan olimlar.

O‘rta Osiyodan mezolit davri odamlari so‘nggi paleolit davriga nisbatan jadal rivojlanib, keyingi davrlar madaniyati rivojlanishi uchun katta imkoniyatlar yaratib berganlar.
O‘rta Osiyo neolit va eneolit davri madaniyatini o‘rganishga taniqli olimlar, yirik qadimshunos – mutaxassislar katta xissa qo‘shganlar (S.P.Tolstov, Ya.G‘.G‘ulomov, V.M.Masson, O.K.Berdiev, O‘.Islomov, V.I.Sarianidi, A.V.Vinogradov, M.Jo‘raqulov, N.Xolmatov, A.Isoqov va boshq.). Ularning sayi-harakatlari tufayli dasht-cho‘l va vohalarda qidiruv hamda qazishma arxeologik ishlar olib borilgan. Bu tadqiqotlarning natijalari ilmiy maqolalar va monografiyalarda o‘z aksini topgan.