KO’ZI OJIZ KITOBXONLAR UCHUN O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI KUTUBXONALAR

Bozorov F.N.

Namangan davlat universiteti magistranti.

 

Annotatsiya

Maqolada o’tgan asrning 50-yillaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasida ko‘zi ojizlar uchun maxsus kutubxonalarning tashkil etilila boshlanishi, viloyatlarda ko‘zi ojizlar kutubxonalarining tashkil etilishi, bo‘rtma yozuvda kitob chop etishga ixtisoslashgan bosmaxonalarning ta‘sis etilishi, o‘zbek tilida brayl adabiyotlar nashr qilinishi haqida ma’lumotlar berilgan. Shuningdek, mustaqillik yillarida ko’zi ojizlar uchun maxsus kutubxonalarning tashkil etilishi, adabiyotlar tarkibining kengayishi, maxsus kutubxona xodimlari mehnatlarining munosib taqdirlanishi yoritilgan.

 

Kalit sozlar. O’zbekiston Respublikasi, kutubxona, kitob fondi, korxona, tashkilot, ko‘zi ojizlar kutubxonalari, ko‘zi ojizlar bosmaxonasi, taqdirlash.

 

Jamiyat taraqqiyoti, uning ma‘rifiy-ma’naviy yuksalishida beqiyos ahamiyat kasb etuvchi kutubxonalar orasida ko‘zi ojizlar ziyo maskanlari alohida ahamiyatga ega. Dastlab ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslar Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasi (hozirgi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi)ning Brayl yozuvidagi kitoblar fondidan foydalanishgan. Bu toifa kishilarga ma’rifat ulashuvchi ilk kutubxona Toshkent viloyati ijroiya qo‘mitasi madaniyat boshqarmasining 1951-yil 12-sentyabrdagi 146-buyrug’i asosida tashkil etilgan[1]. Ko‘zi ojizlar kutubxonalari tizimining boshlang’ich bo‘g’ini vujudga kelishi o‘z-o‘zidan tarixiy ahamiyatga molik voqelik edi. Muassasa Toshkent shahar ko‘zi ojizlar kutubxonasi sifatida faoliyat yuritishga kirishdi. Respublikamiz hududida XX asrning 50-yillaridan boshlab tashkil etilgan kutubxonalarning dastlabkisi 1949-yilda Buxoro shahridagi ko`zi ojizlar klubi qoshida jamoatchilik asosida ishlovchi maxsus kutubxona sifatida ish boshladi. Yana shunday kutubxona – Surxondaryo viloyat  ko‘zi ojizlar kutubxonasi 1960-yilda A.S.Termiziy nomidagi viloyat universal-ilmiy kutubxonasi qoshida tashkil etildi va 1963-yilda kutubxona joy bilan ta’minlangan. 1963-yildan 1981-yilgacha kutubxona Termiz shahar madaniyat bo‘limi tasarrufida faoliyat yuritib kelgan. Viloyat madaniyat boshqarmasining 1981-yil 15-oktyabrdagi № 35-A sonli buyrug’iga[2] asosan alohida, viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi tashkil etildi. Samarqand viloyat Ko‘zi ojizlar kutubxonasiga 1962-yilda asos solingan bo‘lib, dastlab  ko‘zi ojizlar jamiyati qoshida da’vatxona shaklida ish boshlagan. 1962-yildan 1966-yilgacha  kutubxona binosi Registondagi ko‘zi ojizlar madaniyat uyida maxsus bo‘lim sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ko‘zi ojizlarga xizmat qilishga mo’ljallangan Xorazm viloyatidagi ilk kutubxona Urganch shahrida 1966-yili O‘ZKOJ Xorazm viloyat boshqarmasi qoshida tashkil etilib (Qurbon Ota Ismoiliy) nomidagi viloyat markaziy kutubxonasi tasarrufida bo’lgan. Sirdaryo viloyatidagi ilk kutubxona 1969-yilda Sirdaryo tuman madaniyat bo‘limi tizimida “Sirdaryo tuman ko‘zi ojizlar kutubxonasi” tashkil etilgan. O‘tgan asrning 70-80-yillarida ham ko‘zi ojizlar uchun maxsus kutubxonalarning tashkil etilishi davom etdi. 1972-yilda Buxoro viloyati Navoiy tumani madaniyat bo‘limi tasarrufidagi Navoiy  tuman markazlashgan kutubxona tizimiga qarashli Beruniy nomidagi  maxsus ko‘zi ojizlar kutubxonasi  tashkil etildi. Jizzax viloyat ko`zi ojizlar kutubxonasi 1978-yildan Jizzax shahar madaniyat negizida tashkil topgan. Andijon viloyat ko’zi ojizlar kutubxonasi dastlab 1980-yil 15-sentabrda Andijon shahar Tashkilot ko’chasi, 9-uyda ilk faoliyatini boshladi. Keyinchalik yuksalish ko’chasidagi 40-uy, 2015-yil Binafsha ko’chasidagi 1-uyda foydalanuvchilarga namunali xizmat ko’rsatishni davom etirdi. 1983-yilda Namangan viloyat ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi tashkil qilindi.1949-yil O‘zKOJ tasarrufida bo‘rtma yozuvda kitoblar chop etishga ixtisoslashgan bosmaxona ta’sis etilgach, dastlabki maxsus matbaa namunalari sifatida o‘zbek tilida braylcha adabiyotlar nashr qilina boshladi. Ilk maxsus ziyo maskanining kitob fondi ayni shu manbalar asosida shakllantirildi.

Qashqadaryo viloyatidagi dastlabki ko‘zi ojizlar kutubxonasi 1972 – 1991- yillar Qarshi shahar bolalar istirohat bog’ida moslashtirilgan binoda faoliyat ko’rsatgan. 1991 – 1996-yillar Qarshi shahar Muqumiy ko’chasida hozirgi 18-son  Viloyat ko’zi ojiz bolalar maxsus internat maktabi (sobiq o’qituvchilar malakasini oshirish instituti) binosida faoliyatini davom ettirgan. 1996-yil 1-oktyabrdan esa kutubxona O’zbekiston ko’chasi 388- “A” uy (Bektemir madrasasi)ga ko’chirilgan. 2005-yilning oktyabr oyidan e’tiboran viloyat ko`zi ojizlar kutubxonasi O’zbekiston ko’chasi 405-uyda faoliyat yuritib kelmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona xizmati bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g’risi”[3]dagi qarori asosida 2007 – 2008-yillarda Jizzax, Karmana, Sirdaryo shahar ko‘zi ojizlar kutubxonalari viloyat ziyo maskanlariga aylantirildi. 2008-yil Toshkent viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi tashkil etilishi bilan jamiyatimizga ziyo ulashuvchi hududiy muassasalar soni yana bittaga oshdi. 2021-yilda Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm va Sirdaryo viloyat kutubxonalari uchun yangi bino-inshootlar bunyod qilingani ham soha ravnaqiga qaratilgan e’tibor hosilasidir. Uzoq yillik tarixga ega ushbu tizimning shakllanishi ko‘zi ojizlar ma’naviy ehtiyojini qondirish bilan birga ular orasida sohaning ko‘plab mutaxassislari yetishib chiqishiga zamin yaratdi. Yil sayin turli davlat mukofotlariga munosib ko‘rilgan ziyokorlar safi kengayib borayotgani quvonarlidir. Xususan, A. Mirahmedov “Jasorat”, A. Qurbonov, X. Muhamedova, U. Ibragimov, A.O‘roqov, G. Berdimbetova  “Shuhrat” medallari, A. Axetova “Do‘stlik” ordeni hamda Qoraqalpog’iston respublikasining “Ardaqlao” mukofoti, bir guruh soha jonkuyarlari “Axborot-kutubxona a’lochisi”, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandilar. Aslida tarixdan bugunga qadar bosib o‘tilgan shonli yo‘l qanchalab fidoyi, zahmatkash insonlar mehnati bilan voqelikda bo‘y ko‘rsatgani shubhasiz. Bu o‘z-o‘zidan mustahkam zamin ustida qaror topajak ertaning ham yorug’ bo‘lishiga umid uyg’otadi.

Hozirgi kunda Respublikamizda 143 ta maxsus ko‘zi ojizlar  kutubxonalari va 548 ta ko‘chma kutubxona xizmat ko‘rsatmoqda. Ular 2 ta Respublika, 12 ta viloyat va 129 ta tuman filiallaridir. Respublika bo‘yicha kutubxona foydalanuvchilari 92 mingdan ortiq bo‘lib, ulardan 41 mingdan ziyodi ko‘zi ojiz foydalanuvchilar axborot-kutubxona xizmatidan foydalanib kelmoqda. Respublikadagi  kutubxonalar fondi bugungi kunda 640 mingdan ziyod adabiyotlar tashkil qiladi. Ular Brayl yozuvidagi bo‘rtma nuqtali 141 mingdan ortiq, bosma kitoblar 322 mingdan ortiq, audio adabiyotlar 177 mingdan ortiqdir.

Mustaqillik yillarida imkoniyati cheklanganlar, shu jumladan, ko‘zi ojizlarni ijtimoiy jihatdan ximoya qilishga katta e’tibor berila boshlandi. Ayniqsa, keyingi davrlarda shu sohaga alohida e’tibor berilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi

Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 – 2026-yillarga mo’ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g’risida”gi PF-60-son Farmonidagi 9-maqsadda[4] “Keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, ularga qulayliklar yaratish” haqida yoki “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish”, deb nomlangan 66-maqsadning nogironligi mavjud shaxslarni ijtimoiy jihatdan himoya qilishga bag’ishlanganligi ham fikrimizning dalilidir.

 

 

 

[1] Худоёрбеков У РМКОК (Республика марказий кўзи ожизлар кутубхонаси тарихи) – Тошкент 2023- Б 1

[2] Islomqulov H Surxondaryo viloyat kutubxonasi haqida – Termiz 2023 B 1

[3] O’zbekiston Respublikasi prezidentining qarori – 20.06.2006  yildagi PQ- 381 – son

[4] O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni- 28.01.2022-PF-60-son

(Visited 7 times, 1 visits today)