O’zbekiston Respublikasi prokuraturasining tashkil topishi

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH PROKURATURASI — prokuratura organlarining yagona markazlashtirilgan tizimi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori rahbarlik qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari toʻgʻrisida» 1992 yil 8 yanvardagi farmoni asosida ittifoq qaramogʻidagi Oʻzbekiston SSR prokuraturasi Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasiga aylantirilishi tartibida tashkil etilgan.
Oʻzbekiston prokuratura organlarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritish tartibi, shuningdek, vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida (118—120-moddalar), «Prokuratura toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni (1992-yil 9 dekabr)da belgilab berilgan. «Prokuratura toʻgʻrisida»gi qonunning yangi tahriri (2001-yil 29 avgust) asosida Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga aylantirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining tizimini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalari, tumanlar va shaharlar prokuraturalari, viloyat prokuraturalariga tenglashtirilgan Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi, tuman prokuraturalariga tenglashtirilgan harbiy okruglar, hududiy harbiy, transport va ixtisoslashtirilgan prokuraturalar tashkil etadi. Bosh prokuratura huzurida Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi boʻlinmalari faoliyat koʻrsatadi.
Manba: Tashkilot vazifasi va vakolati haqida

(Visited 220 times, 1 visits today)