Yangiariq kanalini bunyod etilishi.
XIX asrda Namangan vohasida suv ta’minotini yaxshilash,
yangi yerlarni o’zlashtirish uchun
Namangan viloyati hokimi Sayidqulbek
Norin daryosidan suv oluvchi Yangiariq kanalini qurish uchun ruxsat oldi.
Yangiariq kanalining qazilgan yili haqida ilmiy tarixiy manbalarda turlicha ma’lumotlar bor.
Chunonchi, arxiv hujjatlarida kanal 1800-1803 yillari qazilgan deb yozilgan.
A.F. Middendorf, S. Soatovlar uni 1803 yilda,
V.P. Nalivkin esa 1819 yilda qazilgan, deb ko’rsatadi.
XIX asr matbuoti sahifalarida ham Yangiariq kanali
1803-1811 yillarda bunyod etilgan, deb yozilgan.
Lekin topograf N. Jilin va arxiv ma’lumotlariga tayangan holda
kanalni 1800-1803 yillarda
Olimxon davrida bunyod etilgan, deb ta’kidlash mumkin.
1813 yilida Namangan hokimi Qipchoq Mirza
Sirdaryoning o‘ng sohilida bo‘sh yotgan yerlarni o‘zlashtirish uchun
Yangiariq kanalini uzaytirib Qirg‘izqo‘rg‘ongacha yetkazgan.
Uning uzaytirilishi Namangan shahrining janubiy qismida suv ta’minotini yaxshiladi.
Yangidan sug‘orilgan yerlarda makkajo‘xori, bug‘doy, arpa, poliz ekinlari ekilgan.
1819 yilda Qo‘qon xoni Umarxon farmoni bilan
Yangiariq kanali yana uzaytirilib, uning uzunligi 120 chaqirimga yetkazildi.
Yangiariq kanali qazilgandan keyin Namangan vohasida
5 ta soy, 195 ta ariq mavjud bo‘lib, ular orqali
131 ta qishloq va 45 ta chorvadorlarning qishloq yerlari sug‘orilgan,
suv ta’minoti va nazorati bilan 4 ta mirobboshi va 66 ta mirob shug‘ullangan.
Yangiariq kanali qurilishi bilan
Namangan vohasining suvga bo‘lgan ehtiyoji to‘la hal etilmagan.
Chunki, Namangan shahri va uning atroflaridagi qishloqlarini
suvga bo‘lgan ehtiyojini to‘la ta’minlash uchun
337-340 tegirmon suv kerak bo‘lgani holda
1821 yilgacha mavjud
129 ta qishloq va 40 ta qishlovxonalar hamda
276 ta tegirmon suv bilan ta’minlangan.