Ibtidoiy jamoa tuzumi tarixi

Qadimgi dunyo tarixiga oid muhim va qiziqarli ma’lumot bilan tanishib chiqing!

O‘tmish yodgorliklari tarixiy manba, ma’naviy qadriyatdir.
Ibtidoiy jamoa davri insonning dastlab tabiat bilan kurashi, sivilizatsiya va madaniy manbalar tarixi bo’lib, bu davrni o’rganmasdan jamiyatning taraqqiyot qonuniyatlarini anglashi, to’g’ri tasavvurga ega bo’lish, hozirgi zamon xalqlarini tushunish qiyin. Insoniyat tarixidagi voqea-hodisalarni tahlili va tiklashda tarixchi olimlarning xizmatlari katta. Shu bilan birgalikda yordamchi tarix fanlari: arxeologiya, etnografiya, antropologiya, tarixiy tilshunoslik kabi fanlar yutuqlari muhim ahamiyat kasb etadi. Ilg’or fan yutuqlari insoniyat olamining taraqqiyotidagi o’ziga xos jihatlarini asoslab berish bilan bir qatorda tarixiy manba sifatida xizmat qiladi. Tarixiy manbalar — o’tmishda odamzod qo’li bilan bunyod etilgan tarixiy jarayon izlarini o’zida aks ettiruvchi va kishilik jamiyati tarixini o’rganish imkonini beruvchi hozirgi kungacha saqlangan har qanday osori atiqa, yozma manba, ma’naviy (til, e’tiqod, urf-odat) qadriyatlar. Manbalar tarixiy tadqiqotlarning asosiy poydevori hisoblanadi. Ularni keng ko’lamda sinchiklab o’rganmasdan turib kishilik jamiyatining tadrijiy taraqqiyoti tarixini tahlil qilib bo’lmaydi. Yozuv hali yuzaga kelmagan ibtidoiy jamoa davridan faqat moddiy madaniyat qoldiqlari (turar joy, makon, manzil, mehnat qurollari) saqlangan xolos. Ulardan, asosan, ibtidoiy jamiyat davri hayotini, qisman qadimgi dunyo va o’rta asrlar tarixini tadqiq etishda foydalaniladi. Ishlab chiqaruvchi xo’jaliklar (dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik), savdo-sotiq munosabatlari yuzaga kelib rivoj topgan sivilizatsiya davri tarixini o’rganishda esa yozma manbalar birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Bu davr manbalarning soni va sifati kishilik jamiyatining ma’naviy kamoloti, xususan, yozuv va xat-savodning yuksakligi-yu qanchalik tarqalgani va yozma manbalarining saqlanish holatiga bog’liq bo’lgan. Shu boisdan bizning davrimizgacha, ayniqsa, qadimgi yozma manbalar oz saqlangan bo’lsa, keyingi tarixiy davrlar uchun xos hisoblangan tosh, sopol, qayin po’stlog’i, pergament va qog’ozga bitilgan, shuningdek, bosma asarlar keng tarqalgan.

 

Ibtidoiy jamoa tuzumi haqidagi fanning rivojlanish tarixi.

 

Yozma tarixiy manbalar kishilik jamiyatining ijtimoiy va shaxsiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan. Ular 8 turkumga bo’linadi: yozma, ashyoviy, etnografik, lingvistik, toponomik, og’zaki (folklor), kino, fono, fotomateriallar. Manbalarni turkumlarga bo’lish, ularning yuzaga kelishi, tadqiqot qilish, mualliflarini aniqlash, haqqoniyligi va to’liqligini belgilash kabi masalalar bilan manbashunoslik fani shug’ullanadi. Insoniyat taraqqiyotida eng uzoq davom etgan davr qadimgi tosh davri – paleolit hisoblanadi. ―Paleolit‖ so’zi lotincha so’zdan olingan bo’lib, ―paleos‖– ―qadimgi‖, ―litos‖–―tosh‖, ya’ni qadimgi tosh davri degan ma’noni beradi. Paleolit davri xronologik jihatidan milloddan avvalgi 2 million yillikdan to 12 ming yillikkacha davom qiladi va uch davrga– ilk, o’rta va so’nggi davrlarga bo’linadi. Paleolitning uch davri ham o’zining rivojlanish darajasiga qarab, mehnat qurollaridagi o’zgarishlar asosida turli davrlarga bo’linadi. Ilgari ilk paleolit davri shellgacha, shell, ashel davrlariga bo’lingan edi. Lekin keyingi davrlarda qilingan tadqiqotlar natijasida, uni olduvay va ashel davrlariga bo’lish muvofiq deb topildi.
Chunki ilgarilari olduvay davri yodgorliklari kam bo’lib, uni davr tariqasida ajratish imkoni bo’lmagan. Shuning uchun shell va ashel davrlari qo’lcho’qmorlaridagi vazn jihatidan farqini e’tiborga olib ularni davrlarga ajratishgan. Keyingi yillarda esa, olduvay davri mehnat qurollarining ko’plab topilishi uning davr sifatida ajratib ko’rsatishga imkon tug’dirdi.

istoriografiya

Tarix fanining bir yo’nalishi tarixshunoslik (istoriografiya) bo’lib, har bir davr tarixining o’rganilganlik darajasini tadqiq va tahlil qilishdan iborat. Ibtidoiy jamoa tuzumi tarixini o’rganishda Gerodot, Ksenofont, Strabon, Sezar va Tatsit, Demokrit, Lukretsiy Kar, Foma Akvinskiy, Smit va Rikardo, Baxofen, Morgan, Spenser, Teylor, Lebbok, Bastian, Mak – Lennan, Lippert juda katta hissa qo’shishgan. Sovet etnograflari dialektik va tarixiy materializm mavqeida turib, inqilobgacha bo’lgan etnografiyaning boy merosiga tanqidiy nazar bilan qarab, uni qaytadan baholadilar va shu merosni yangi tadqiqotlar bilan boyitdilar. Sovet etnograflar maktabining asosiy tadqiqot ob’ekti – konkret xalq – o’zi yaratgan madaniyatning ijodkori va uning yoyuvchisidir. Ibtidoiy jamoa tuzumi tarixi ham boshqa davrlarga nisbatan keng o’rganilgan. Bu davrga oid makonlarning tadqiq qilinishi o’rta paleolit davri xo’jalik madaniy hayotining barcha tomonlarini yoritdi. Bu davr O’.Islomov, K.Kraxmal, A.Okladnikov, V.Ranov, M.Qosimov, R.Sulaymonov, T.Mirsoatov, N.Toshkenboev, M.Jungorov, Z.Abramova va boshqalar tomonidan tadqiq qilingan. Odamning kelib chiqish jarayoni va avstralopiteklar, pitekantrop, sinantrop, geydelberg kabilarning shakllanishi. Ibtidoiy odamlarning paydo bo’lishidan to davlat yuzaga kelguniga qadar bo’lgan davr ibtidoiy davr hisoblanadi. Jamoa bo’lib mehnat qilish va jamoa bo’lib istemol qilish ibtidoiy jamiyatning o’ziga xos xususiyatidir. Eng oddiy mehnat qurollariga ega bo’lgan ibtidoiy odam yakkayakka holda tabiat kuchlariga va hayvonlarga qarshi kurasha olmas edi. Shuning
uchun ibtidoiy odamlar jamoa ravishda mehnat qilib, o’z mehnatlarining mahsulini teng taqsimlar edilar. Ibtidoiy jamoa iborasi juda buyuk kashfiyot hisoblanib, u
birinchi navbatda etnograf olim L. G. Morgan nomi bilan bog’liq. L. G. Morgan o’zining «Qadimgi jamiyat» (1877) asarida juda boy etnografik materiallarga asoslangan holda ilmiy olamga birinchi bo’lib, kishilik tarixining dastlabki sinfiy jamiyatga qadar bo’lgan davrini ikki bosqichga bo’lgan:

Birinchi bosqich «ibtidoiy to’da»,
Ikkinchi bosqichi esa «ibtidoiy urug’chilik jamoasi» deb atadi.

Ibtidoiy to’da bosqichi o’z mazmun va mohiyati bilan ilk ajdodlarimizning «hayvonot» olamidan ajralib insoniyat olamiga o’tish davri bilan harakterlanadi. L.G.Morgan bu bosqichni Ibtidoiy jamoaga kiritmagan.
Arxeologik jihatdan ilk va o’rta paleolit davriga muvofiq keluvchi ibtidoiy to’da davrida yashagan ajdodlarimizning odamsimon maymun podalariga xos xattiharakatlari, ularni fan olamida eng oliy tipdagi odamsimon maymunlardan tarqalgan, degan tasavvurni keltirib chiqardi. Aslida, hech bir odamsimon maymunlardan (shimpanze, gibbon, orangutan, gorillalardan) odam tarqalmagan. Odamzotning ilk ajdodlari o’zlarining oziq tishlaridagi naqshlari va bosh miyasining maymun bosh miyasidan kattaligi bilan farq qiluvchi maymunsimon odam ajdodi (Goranna driopiteki)dan tarqalgan. Bu tipdagi odamzot ajdodlarining qoldiqlari Janubiy Afrikada zinjantrop, Indoneziyaning Yava orolida pitekantrop Xitoyda sinantrop, O’zbekistonda fergantrop, Germaniyada neandertallar nomlari ostida topib o’rganildi. Fan olamining xulosasiga ko’ra, ular to «aqlli odam» («Homo sapiens») holatiga kelguniga qadar (mil.av. 40—35 ming yillikka qadar) o’zining tadrijiy shakllanish taraqqiyot yo’lini bosib o’tgan. Ular eng oddiy tosh qurollardan va olovdan foydalanishni o’rgandilar. Madaniyatning dastlabki kurtaklari vujudga keldi, ma’noli nutq paydo bo’ldi. Inson asta-sekin biologic jihatdan takomillasha bordi, eng ibtidoiy (pitekantrop, sinantrop va neandertal) tiplari yuksak taraqqiy etgan va ijtimoiy mehnat qilish qobiliyatiga ega bo’lgan odam darajasiga yetdi. Avvalo mehnat, go’shtni pishirib iste’mol qilish, so’ngra so’zlash kabi muhim sabab bo’ldiki, bu sabablar ta’siri ostida eng ilk ajdodlarimizning miyasi sekin-asta aqlli odam miyasiga aylandi. Ilk va o’rta paleolitdan uning so’nggi bosqichiga o’tish davrida tosh qurollarni yasashda, ovchilikda ancha yutuqlarga erishildi.

 

Mehnat va mehnat qurollarining roli, fikr, nutqning vujudga kelishi.

Ibtidoiy to’dadan so’nggi paleolitga o’tish davrida ijtimoiy munosabatlar va odam
qiyofasi ancha o’zgardi va taraqqiy etdi. O’rta Osiyoda, jumladan, O’zbekistonda
ibtidoiy jamoaning har bir davriga mansub mehnat qurollari Farg’ona vodiysidagi
Selungur g’orida va boshqa joylarda topildi. Arxeolog A. P. Okladnikov tomonidan 1938-39- yillarda tekshirilgan Teshiktosh g’ori yodgorliklari ham mazkur davrning muste bosqichiga mansubdir.
Yuqori paleolit davri odamlari xo’jaligining asosini ovchilik tashkil etgan.
Asosan bug’u, yovvoyi ot, sirtlon, arxar, qulon, tuya kabi yirik hayvonlar ovlangan. Daraxt mevalari, don va ildiz mevali o’simliklarni ham terib-terib
ovqat sifatida ishlatganlar. Baliqchilikning ham dastlabki kurtaklari paydo bo’lgan. Bu davrda ov va mehnat qurollarining turi ko’paygan.

Tosh qurollari ishlash uslubi o’zgargan. Bunga esa tosh qurollarini yasash texnikasidagi yangilik sabab bo’lgan. Yorma texnika usuli ilk bosqichda keng qo’llanilgan
bo’lsa, keyingi bocqichlarda retushlash usuli ixtiro qilingan. Bu qurollar turini ko’paytiribgina qolmay, ularning mayda, ya’ni ixchamlashtirishga olib kelgan.
Retushlash deganda chaqmoqtosh qurolni suyakdan yasalgan ingichka va uzun tayoq bilan bir necha ming marta urib yupqa tosh paraqalar uchirib, kerakli shaklga keltirish tushuniladi. Bu usul juda murakkab bo’lib salgina ehtiyotsizlik qilinsa qurol sinib ketgan. Retushlangan nukleuslar to’g’ri pichoqsimon shakilga kirgan va yupqalashgan. Pichoqlar paydo bo’lgan. Bu davrda eng muhim mehnat qurollari
tosh kesgich va tosh qirg’ich bo’lgan. Tosh kesgich qattiq materiallarni
ishlashda foydalanilgan. Tosh qirg’ich uzunchoq parrakcha bo’lib, bir uchi
yoysimon tig’ bo’lgan, muste davridagi qirg’ichdan ancha farq qilgan, undan yumshoq materiallarni ishlashda foydalanganlar.  Asosiy ov quroli chaqmoqtoshdan yasalgan nayza bo’lgan.

Teshiktosh g’ori.

Teshiktosh g’or makoni butun O’rta Osiyoda muste davrining eng nodir namunasi hisoblanadi. U Surxondaryo viloyati, Boysun tumanidagi Boysun tog’ining janubiy yon bag’ridagi Turgandaryoning Zovtalashgan darasida, dengiz sathidan 1500 m balandlikda joylashgan. G’or shimoliy-sharqqa qaragan bo’lib, kengligi old qismida 20 m, chuqurligi 21 m, balandligi 9 m. bo’lgan. G’or 1938–1939 yillarda Parfyonov va A.P.Okladnikov tomonidan tekshirilgan va tadqiqotlari natijasini 1939–1949 yillarda nashr qildirgan.
Olib borilgan tadqiqotlar natijasida g’orda 5 ta madaniy qatlam aniqlangan.
Ulardan toshdan yasalgan mehnat qurollaridan 339 tasi, 2520 ta singan,
uchrindi tosh qurollar, 101 ta turli shakldagi nukleuslar topilgan. Shu jumladan,
o’tkir uchli sanchiqlar, tosh pichoqlar, paraqalar, sixcha, qirg’ich, kurakcha,
chopper, chopqi va hakozolar. Teshiktoshdan topilgan mehnat qurollarning
aksariyati qirquvchi va tarashlovchi vazifalarni bajargan. Bu yerdan yana faqat
neandertal odamiga xos rapidasimon nukleuslardan (o’zaklar) bir necha nusxa
topilgan. Ularning diametri 10–15 smni tashkil etgan. Bu kabi o’zaklardan
neandertallar tosh bolg’alar yordamida uchburchaksimon uchrindilar uchirib olganlar.
Uchrindilar o’tkir uchli bo’lganligi sababli ulardan terilarga ishlov berish,
yog’ochlarni kesish, randalash kabi ishlarda foydalanganlar. Bunday mehnat qurollar eng ko’p Teshiktoshdan topilgan. Teshiktosh g’orining eng qimmatli topilmasi yuqorida qayd qilib o’tilgandek, neandertal odamning suyak qoldiqlarining topilishidir. U eng pastki madaniy qatlamdan topilgan. Bular kalla suyagi, yelka va yo’g’on o’ng son suyagining parchalari, ikkala kichik boldir suyagi hamda umurtqa pog’onasining ba’zi qismlaridir. Bu voqea o’z vaqtida antropologlarda juda katta qiziqish uyg’otdi. Antropologlar xulosasiga ko’ra, neandertalning bosh suyagining hajmi 1490 sm3 bo’lgan. Neandertal bola suyagining o’rganilishi 1970 yilgacha davom etdi. Taniqli antropolog olim akademik V.A.Alekseev
antropologiyaning keyingi davr yutuqlariga tayanib, Teshiktosh odamini qayta o’rgandi va uning 10 yashar bola emas, balki ayol kishi ekanligini, Yevropa va Old Osiyo guruhiga kirishini ko’rsatdi.

Zamonaviy odamning paydo bo‘lishi, irqlar, urug‘chilik, ishlab chiqarish, xo‘jalikning vujudga kelishi.

So’nggi paleolit davrida suyak va shoxdan yasalgan
buyumlar — igna, bigiz, qarmoq, kamon o’qi, turli xil bezaklar va boshqalar keng qo’llanilgan. Bu davrda parma ham paydo bo’ldi. Ibtidoiy to’da o’rnini ijtimoiy
jamoaning ancha mukammallashgan shakli — ona urug’i jamoasi (matriarxat) oldi.
Bir urug’ ichida nikoh qilish man etildi, natijada ibtidoiy odamlarning jamoa bo’lib uyushishi kuchaydi.

Irqlar paleolitning so’ngi davrlarida bundan 40-30 ming yil avval odam Yer yuzini egallashi bilan shakllana boshladi. Ularning izlarini Ispaniya, Fransiya hududlarida ko’rish mumkin. Har bir irq o’ziga xos irsiy belgilari bilan farqlanadi. Hozirgi odamlar 3 ta ekvatorial (negroid, avstraloid), yevroosiyo(yevropoid), osiyo-amerika (mongoloid) yoki 5 ta (negroid, avstraloid, yevropoid,
mongoloid, amerkanoid) yirik irqlarga bo’linadi. Har bir irq ichida kenja irq bo’ladi. Masalan: ekvatorial irq negr, negrill, bushmen, avstraliya va boshqa irqlarga; yevropoid irq esa Atlantika-Boltiq, Hind-O’rta dengizi, O’rta Yevropa va
boshqalarga; mongoloid irq Shimoliy Osiyo, Arktika, Janubiy Osiyo va boshqalarga ajraladi.
Barcha irq Homo sapiensga xos bo’lgan umumiy xususiyatlarga ega: ularning
barchasi biologik va psixik jihatdan teng bo’lib, evolyutsion rivojlanishning bir xil pog’onasida turadi. Barcha irq madaniyat va sivilizatsiya eng yuqori darajada rivojlanishida bir xil imkoniyatiga ega. Irq bir xil qobiliyatga ega emasligi, ular
evolyutsiyaning turli bosqichlarida turganligi to’g’risidagi irqchilik g’oyalarini inkor etadi. Odam Irqni ―millat‖, ―til guruhi‖ tushunchalari bilan aralashtirib yubormaslik lozim. Bitta millat tarkibida har xil irq va aksincha, bitta irqning o’zi turli millatlar tarkibiga kirishi mumkin.

 

Ibtidoy jamoa tuzumining parchalanish davri.

Arxeologik jihatdan so’nggi paleolit, mezolit va neolit davriga muvofiq keluvchi matriarxat davrida urug’chilik jamoasi ancha uyushqoq ijtimoiy-iqtisodiy kurtak bo’lib kishilar birgalikda mahsulot tayyorlar va iste’mol qilar edi. Ular ovchilik. Baliqchilik bilan shug’ullanganlar,
keyinchalik esa motiga bilan er haydab, dehqonchilik qilib va uy hayvonlarini boqib, tirikchilik o’tkazishgan.

Matriarxatning rivojlangan davrida mehnat taqsimoti tufayli xo’jalikda va jamiyatda ayollar muhim rol o’ynay boshladi. Ibtidoiy guruh-guruh oiladan aloxida xo’jalikka ega bo’lmagan beqaror juft-juft oilaga o’tildi. Matriarxat
davrida qishki turar joy, kiyim va bezaklar, qurolning murakkab turlari (o’q yoy,
sanchiq va b.), terini qayta ishlash, mato to’qish, kulolchilik vujudga kela boshladi.

Ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish davri va metallurgiya (mis, jez,
temir) ning vujudga kelishi.  

Neolit davri iqlimi hozirgi iqlim sharoitiga yaqin bo’lgan. O’rta Osiyoning janubiy—g’arbiy hududining iqlimi issiq , dehqonchilik uchun qulay bo’lgan. Markaziy va shimoliy viloyatlarida ham iqlimning isishi yaylov va cho’l zonalarini vujudga keltirgan. Bu esa neolit davri jamoalarining hudud bo’ylab keng tarqalishiga olib kelgan. Shuningdek, ular mezolit davridagidek daydi hayot kechirmay, o’troq turmush tarziga o’tadilar. Doimiy yerto’la, kulba va loy, guvaladan qurilgan uylarda yashay boshlaydilar. O’troq turmush tarzi janubiy hududlarda dehqonchilikning kelib chiqishiga, cho’l mintaqalarda esa o’troq ovchilik xo’jaligining qaror topishiga olib keldi.  Keyinchalik uning zamirida chorvachilik paydo bo’ldi.
Neolit davrida toshni ishlash texnikasida yangi usullar – silliqlash, pardozlash, arralash va parmalash usullari ixtiro etiladi. Bu esa ibtidoiy ishlab chiqaruvchi kuchlarni yanada tezroq rivojlanishiga olib keldi. Lekin bu usullar
hamma qurollarga nisbatan qo’llanilavermas edi. O’tkir tig’ beruvchi qurollar yasashda hali kertma va yorma uslubidan foydalanilar edi.

Mezolit davrida o’qyoy kashf etiladi, it,bug’u qo’lga o’rgatiladi.
Ilk neolit davrida makrolit qulollar keng tarqalgan. Ular og’ir katta hajmdagi chaqmoqtoshdan ishlangan qurollar bo’lgan. Qurollarni silliqlash keyingi neolit davriga to’g’ri keladi. Qurollar maxsus tosh ustidagi qumtosh taxtada silliqlangan. Tosh taxta tayanch vazifasini o’tagan. Qurollar ko’l kvars qumi bilan uzoq vaqt ishqalash jarayonida silliqlangan. Silliqlangan tosh qurollar neolit oxiriga kelib parmalangan. Unda suyak parma vazifasini bajargan. Suyak parmani qalqon ipiga o’rab aylantirganlar, unda suyakning uchiga nam qum sepib turilgan. Parmalangan qurolga dasta o’rnatish mumkin bo’lgan.
Oldingi davrlarda ro’zg’or buyumlar yog’ochdan yoki novdadan yasalgan bo’lsa, ilk neolit davrida dag’al, chala kuydirilgan sopol buyumlar tarqaldi.
Ularning tuxumsimon tagi dumaloq bo’lib, maxsus chuqurchalarga o’rnatilgan.
So’nggi neolit davriga kelib sopol buyum shakli o’zgaradi. Tuvaksimon, osti tekis idishlar paydo bo’lib, ular maydalashadi. Idishlar loy lentalar asosida qo’lda ishlangan. Idishlar naqshi ham oddiydan murakkabga o’zgarib boradi.
Shuningdek, idishlarda tarnovsimon yoki trubasimon jo’mraklar paydo bo’ladi.
Idishlar bir yarusli xumdonlarda pishirilgan. Lekin idishlar qo’pol, mo’rt bo’lgan.

 

To’qimachilik, hunarmanchilikning vujudga kelishi.

To’qimachilik, hunarmanchilikning vujudga kelishi ham neolit davrining buyuk kashfiyoti hisoblanadi. Neolit davri odamlari hayvon yungi va o’simlik tolasidan mato to’qishni o’rganganlar. Shuningdek, yigirilgan ipdan baliq to’ri
ham to’qilgan. Bu esa baliq ovlash ahamiyatini keskin ravishda oshirib yuborgan. Bunga suvda suzuvchi qayiqlar yaratilishi ham imkon berdi.

 

juft oilaning vujudga kelishi.

Bronza davri yutuqlaridan biri bu juft oilaning vujudga kelishi bo’lib, u
urug’ ichida oilaviy munosabatlarning izga tushishiga olib keldi va jamiyat taraqqiyotini yanada olg’a siljitdi. Bronza davriga kelib ishlab chiqaruvchi
kuchlarning o’sishi, ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanishi xususiy xujalikning paydo bo’lishiga, urug’ning yemirilishiga, o’ziga to’q yuqori tabaqaning ajralib chiqishiga olib keldi, bu tabaqa dastlab harbiy asirlar, so’ng qashshoqlashgan qabiladoshlarini qullarga aylantirdi.
Mehnat qurollari yasash chaqmoqtosh xom ashyosini qidirish yo’lida neolit
davrida shaxtalar paydo bo’ldi. Ular Angliya, Fransiya, Daniya, Shimoliy Germaniya va Belorussiya kabi davlatlarda o’rganilgan. O’zbekistonning tog’li hududlarida, masalan, Navoiy viloyatining Uchtut degan joyida topilgan. Mehnat qurollari yasashda temirning paydo bo’lishi ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishiga olib keldi. Mazkur jarayonlar natijasida ibtidoiy jamoa tuzumi inqirozi kuzatilgan.

Ushbu ma’lumot E.Qosimov, E.Nuriddinov, R.Mulladjanova, F.Ismatullayev, N.Rasulova, Sh.Zokirov, A.Abduazimov, T.Ponomaryova, M.Nasriddinova mualliflari tomonidan tayyorlangan “QADIMGI VA O’RTA ASRLAR DAVRI” nomli kitobi asosida tayorlandi.

(Visited 5,625 times, 7 visits today)