Ismoil Somoniy maqbarasi

O‘rta Osiyoda Somoniylar davri  me’morchiligining nodir namunalaridan biri  bo‘lgan bu tarixiy obida Ismoil Somoniy  tomonidan bunyod etilgan.

Ismoil Somoniy shaxsi haqida

Ismoil Somoniy shaxsi haqida gapiradigan  bo‘lsak, u Buxoroda Somoniylar davlatiga asos  solgan yirik siyosiy arbob hisoblanadi.
Ismoil  Somoniy 848-yil Buxoro shahrida tug‘ilgan,  874-yilda somoniylarning Buxorodagi noibi,  888-yildan esa butun Movarounnahrga hokim  bo‘lgan.

Ismoil Somoniy markaziy hokimiyatni  mustahkamlash siyosatini olib borib, turli  yerlardan ulamolar, adiblar, usta va hunarmandlarni Buxoroga to‘plagan. Madaniyat  rivojiga katta hissa qo‘shgan. Bag‘dod xalifalaridan ibrat olib, o‘ziga ulkan maqbara  qurdirgan.
893-yilda Tarozga yurish qilib shimoliy chegaralarni mustahkamlagan. 900-yilda Movarounnahr va Xurosonni birlashtirgan.

Mustaqil mahalliy davlatlar tashkil topishi

Me’moriy obida bunyod etilgan davrda O‘rta Osiyoda arab xalifaligidan  mustaqil mahalliy davlatlar tashkil topa boshladi. Xurosonda Tohiriylar,  Movarounnahrda esa Somoniylar davlati vujudga keldi. Mahalliy davlatlar yagona  markaz atrofida birlashtirilib, ilm-fan yuksalgan. 874-yilda Ismoil Buxoro noibi etib  tayinlandi. Bu paytda Movarounnahrda akasi Nasr hukmronlik qilayotgan edi.

Aka-uka munosabati

Nasr va Ismoil o‘rtasidagi munosabatlar 888-yilda buziladi va bu urushga olib keladi. Urushda g‘alabaga erishgan Ismoil butun Movarounnahrga hokim bo‘lib oladi. 893-yilda u  Tarozga yurish qilib Shimoliy chegaralarni mustahkamlagan.

Maqbaraning qurilishi

Ismoil Somoniy maqbarasi o‘rta asrlarning rivojlangan davrida (IX-X asr), 864-868-yillar oralig‘ida, hozirgi Buxoroning eski shahar qismida qurilgan.  Inshoot qabr vazifasini bajarganligi sababli, uning intereri uch pog‘onali  (to‘rtlik – to‘rt devor, sakkizlik – devordan tomga o‘tish qismi va gumbaz – tom  ko‘rinishdagi) bir xonali kvadrat shaklni tashkil qilgan.  Uning qurilishida pishgan g‘isht, tosh va yog‘ochdan foydalanilgan.

Maqbaraning ko‘rinishi

Maqbaraning dizayniga to‘xtaladigan bo‘lsak, jimjima g‘ishtin bezaklari chiviqli  to‘siq yoki qamish, bo‘yra to‘qimasini eslatadi. Devor qalinligi – 1,8 m., tarhi –  tashqarisi 10,80×10,70 m., ichkarisi 7,20×7,20 m. Usti gumbaz bilan qoplangan. To‘rt  burchagi ustunsimon shaklda ishlangan, gumbaz atrofiga 4 qubba  o‘rnatilgan. Devor tepasida kungirasimon darcha (40 ta). Har bir  darcha hoshiyalangan. Ravoq tepasidagi qanos g‘ishtin  tangachalar marjoni bilan chegaralangan. Ikki chetiga maydamayda g‘ishtdan chorsu tumor yasalgan. Bino ichkarisi  tashqaridagi bino bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, uslub jihatidan bir  xil. Ichki devor gumbaz osti bag‘alidagi ustma-ust ravoqchalar –  ustunchalarga tayangan. Ravoqchalar 8 qirrali gumbaz asosini  tashkil qiladi. Qirralar burchagiga gumbazga tirgaklik qiluvchi  ustunchalar ishlangan.
Arxeologik qazilma vaqtida (1927) xona  sahnida 2 yog‘och sag‘ana borligi aniqlangan. Ismoil Somoniy  maqbarasi 4 tomoni bir xil chordara shaklida, uning tuzilishida  qadimiy sug‘d me’morchiligining an’analari saqlanib qolgan buyuk me’moriy asar.

Maqbaraning rivojlanishga qo‘shgan hissasi

Ismoil Somoniy maqbarasi jahon me’morchilik va binokorlik maktablarining  noyob asari hisoblanadi.  Tengi yo‘q bu arxitekturaviy yodgorlikni arxitektorlar va  binokorlar faxr bilan tilga oladilar, tarixchilar yaratilishini o‘rganadilar, san’at ahli esa  uning tasvirlarini turli xil buyumlarda sevib aks ettiradilar.   Ismoil Somoniy maqbarasi IX asrda Buxoroda me’morchilik san’ati, binokorlik  texnikasining naqadar yuksalganligini va rivojlanganligini ko‘rsatadi. Ana o‘sha  davrdan boshlab binokorlikda yuqori sifatli pishgan g‘isht, albastrli qorishmalar  ishlatilgan.

Ushbu nodir obidani tiklashgacha bo‘lgan davrda Buxoroda matematik bilimlar,  xususan geometriya juda yaxshi rivojlangan.

Professor M.Bulatov tomonidan uni barpo etishda qo‘llanilgan handasa  qoidalari va qonuniyatlarini o‘rganish asosida doktorlik dissertatsiyasi yozilganligi  ham bejiz emas. Hali inshootning o‘rganilmagan qanchadan-qancha qirralari,  qonuniyatlari, qoidalari, qurilish usullari bor.

Yuksak professional darajada barpo etilgan bu tarixiy yodgorlik o‘sha davrdagi  eng tajribali quruvchilarni, eng qobiliyatli me’morlarni loyihalash va qurilish usullari  bilan qurollantirganligi, ularning bilim va malakalarini nechog‘lik oshirganligi sir  emas.

Ismoil Somoniy maqbarasi markazlashma inshoot bo‘lib, uning asosiy hajmini  to‘rt devori ko‘tarilgan sari bilinar-bilinmas yengil qiyshaytirilgan kub va fazoviy gumbaz tashkil qiladi. Devor kvadratlari bilan gumbazni tutashtiruvchi konstruksiya  inshootning o‘ziga xos jihatlaridan hisoblanadi. Maqbaraning barcha fasadlari bir xilda  bajarilgan. Devorlar ichkari va tashqi tomondan bezakli qilib yuqori sifatli pishgan  g‘ishtdan bejirim terilgan, qurilishda o‘ymakorlik usullaridan ham foydalanilgan.  Dekorativ g‘isht terimi inshootga yengillik ifodasini baxsh etgan. Kirish eshik  proyomlari strelka shaklidagi arka ko‘rinishida bajarilgan. Bu yechimlar, ayniqsa,  strelkali arka va gumbazli tom konstruksiyalari, keyingi davrda nafaqat Buxoro  me’morchiligida, balki butun Markaziy Osiyo me’morchiligida ham ko‘p ishlatilgan.

Gumbazli yopmalarni ishlatishning ijobiy tomonlari

Zaruriyati tug‘ilgan gumbazli yopmalarni ishlatishning ijobiy tomonlari ko‘pdir.  Ulardan biri shundan iboratki, o‘sha davrda uzoq vaqtga chidaydigan  konstruksiyalarning egilish qismlarida ham yaxshi ishlaydigan temirbetonga  o‘xshagan buyum va konstruksiyalar deyarli mavjud bo‘lmagan. Shu sababli ham tom  yopma shunday ko‘rinishda bajarilganki, u shakl bo‘yicha bunyod etilgan har qanday  konstruksiya asosan siqilishga ishlagan. Natijada inshootlarning proyomlari  ko‘rsatkichli arka shaklida, tom yopmalari esa gumbaz shaklida g‘isht terimidan  mustahkam qilib tiklangan.

  1. Boshqa tomondan, quruq va issiq iqlimli, quyoshning katta radiatsiyasi yerga tushadigan sharoitda gumbazli yechim samaralidir.
  2. Quyosh nuri gumbazli tomning faqat qaysidir bir bo‘lakchasiga tik tushib, o‘sha qisminigina ko‘p isitadi; shu vaqtda  gumbazli yopmaning qolgan qismlariga radiatsiya tik tushmaydi va tom ko‘p isimaydi.
  3. Gumbazli yopmaning uchinchi jihati shundan iboratki, bunday sirtdan issiqlik tez ketib, tom tezda soviydi. Shamol esganda esa, bu jarayon yana ham intensivlashadi.

Maqbaraning qurilish uslubi

Ismoil Somoniy arxitekturaviy yodgorligi XI asrdan ortiq vaqt ichida yaxshi  holda saqlanib qolgan. U jahon arxitekturasining takomillashgan asari, «Sharqning  me’moriy durdonasi» degan nomlar bilan ham ataladi. Yodgorlik arablargacha bo‘lgan  davr an’anasi asosida bajarilgan bo‘lsa-da, u nafaqat Buxoroda, balki Markaziy Osiyo  me’morchiligida ham yangi stil, yangi shakl va yangi yechimlarni yaratishning keyingi  taraqqiyotini aniqlab bergan.

Bino gumbazining o‘rtasida yorug‘lik tushishi va issiq havoning chiqib ketishi  uchun gumbazcha bilan yopilgan baraban konstruksiya o‘rnatilgan bo‘lib, uning yon  tomonlariga arkali proyomlar qo‘yilgan. Inshoot devorlarining tashqi burchaklari  naqshli ustunlardan, devorlar va kirish eshiklarining arkalari esa bezakli, jilo berilgan  g‘ishtlardan mohirona ishlangan. Gumbazli bino intereri bilan chuqurroq tanishilsa,  uni yaratish san’ati oldingi vaqtlardan boshlanganligiga va an’anaga aylanganligiga  ishonch hosil qilinadi. Yodgorlikning arxitekturaviy tahlili uni Eron, Mesopotamiya  me’morchiligi bilan genetik bog‘liqlikda ekanligidan guvohlik beradi.

Bu inshootda bir necha tektonik yechimlar bir butunlikda, yaxlitlikda ishlab  chiqilganligini inkor etib bo‘lmaydi. Turar-joy va madaniy arxitektura asoslaridan  ishonch bilan foydalanganlik ushbu inshoot misolida Buxoro me’morchilik  maktabining o‘sha davrda yuksak darajada rivojlanganligini ko‘rsatib turibdi.

Demak, Ismoil Somoniy maqbarasining hajm – samoviy va konstruktiv  strukturasi undan keyin qurilgan gumbazli binolarning rivojlanishini aniqlab bergan.

Me’moriy naqshlar, chiroyli jimjimador bezak elementlari, nihoyatda go‘zal va  bejirim badiiy ifodalar o‘sha davrda g‘isht terish san’atining gullab-yashnaganligidan dalolat beradi. Maqbaradagi g‘ishtlarning yuksak badiiy did bilan terilganligi uning  jahon me’morchiligi ajoyib durdonalari silsilasidan o‘rin olishiga asos yaratgan.

Maqbara gumbazsimon, Movarounnahr va Xuroson me’morchiligining o‘ziga  xos “Chor” uslubida qurilgan. Me’moriy obidaning o‘ziga xos tomoni shundaki, u  O‘rta Osiyo arxitektura va san’at tarixidagi dastlabki maqbaralardan biridir. Ismoil  Somoniy maqbarasi loyihasidan tortib, hajmiy tuzilishigacha geometrik tartib asosida  yaratilganligi uning boshqa maqbaralardan farqlantiruvchi xususiyatidir. Maqbara o‘z  davrida somoniy amirlari dafn etilgan daxma hisoblangan.

Mustaqillik davrida maqbaraga e’tibor

Hozirgi kunda me’moriy inshoot atroflari bog‘ga aylantirilgan. U arxiologik qazishmalar orqali topilganligi uchun 60-50 sm pastda joylashgan. Bugungi kunda bu inshoot islom dunyosi ma’rifatparvarlari va allomalarining diqqat-markazida hamda turistlarning sayohatgohiga aylangan.
Maqbaraga O‘zbekiston hukumati tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Ismoil Somoniy maqbarasi ham qayta ta’mirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 1993- yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy
meroslari ro‘yxati”ga kiritilgan.
2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risi”dagi qonun qabul qilindi. Davlatimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qonunlar me’moriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir.

(Visited 139 times, 1 visits today)