Minorai Kalon

Minorai Kalon (Katta Minora)  me’morchilik namunasi Qoraxoniylar davlatining Movarounnahrdagi amiri Arslon  Bug‘roxon tomonidan bunyod etilgan.

Arslon  Bug‘roxon haqida

Arslon Bug‘roxon Muhammad ibn  Sulaymon (to‘liq ismi Muhammad ibn  Sulaymon ibn Dovud Kuchtegin ibn  Tamg‘achxon Ibrohim, ?1130-1131) –  Movarounnahr hukmdori (1102-1130).  Qoraxoniylardan bo‘lgan bu amir Barqiyoruq vassalli Sulaymonteginning o‘g‘li  bo‘lgan.  U 1102-yil Samarqand taxtiga Arslonxon unvoni bilan o‘tqazilgan. 12 ming  mamlukdan iborat qo‘shin tuzib Dashti Qipchoqqa bir necha bor harbiy yurishlar  qilgan. Umrining oxirida falaj bo‘lib qolganligi tufayli taxtni o‘g‘illari – dastlab Nasr,  so‘ng Ahmad bilan hamkorlikda boshqargan. Samarqand Saljuqiylar tomonidan  egallangach (1130-yil,13-mart), Arslonxon Balxga jo‘natiladi va ko‘p vaqt o‘tmay  o‘sha yerda vafot etadi. U Mavrdagi o‘zi qurdirgan madrasaga dafn etilgan.

Arslonxon davrida madaniy hayot

Arslonxon davrida madaniy hayot bir muncha rivojlangan. Buxoro va uning viloyatida ko‘plab  binolar qurdirgan. Bulardan: Jarqo‘rg‘on minorasi va Masjidi Kalon yonidagi minora hozirgacha saqlangan.

tarixiy shart-sharoit

Me’moriy obida bunyod etilgan davrdagi tarixiy shart-sharoitga to‘xtaladigan  bo‘lsak, Qoraxoniylar tomonidan 992, 996, 999-yillarda Movarounnahr tomon  uyushtirilgan yurishlar natijasida Somoniylar hukmronligi tugatildi. Bu davrda  Saljuqiylar g‘aznaviylarga xavf sola boshlaydi. Saljuqiylar bilan jiddiy kurash  boshlanadi. Qoraxoniylarning mahalliy hukmdori Ibrohim Bo‘ritegin 1038-yilda  Amudaryo bo‘yi viloyatlari – Xuttalon, Vaxsh va Chag‘aniyonni g‘aznaviylardan  tortib oladi. Ko‘p vaqt o‘tmay u Movarounnahrni va Farg‘onani o‘ziga bo‘ysundirib,  mustaqil siyosat yurita boshlaydi. Natijada qoraxoniylar ikki mustaqil davlatga ajralib  ketdi. Biri poytaxti Bolasog‘unda bo‘lgan Sharqiy qoraxoniylar, ikkinchisi markazi  Samarqandda bo‘lgan Movarounnahrdagi Qoraxoniylar davlati edi. Bu davrga kelib  siyosiy jihatdan tobora zaiflashib borayotgan Qoraxoniylar davlati o‘zining avvalgi  mavqeyini yo‘qotib, saljuqiylar tayziqiga uchraydi va unga qaram bo‘lib qoladi.

Minorai Kalonning bunyod etilishi

Minorai Kalonning bunyod etilishi o‘rta asrlarning rivojlangan davriga (XII  asr), aniqrog‘i, 1127-yilga to‘g‘ri keladi.   Me’moriy obidaning qurilishida tosh, maxsus qir qotishmasidan, chorsu pishiq

g‘ishtidan, loy, taxta va boshqa bir qator ashyolardan foydalanilgan.

Minorai Kalonning ko‘rinishi

Uning dizayni  haqida gapiradigan bo‘lsak, balandligi 50 metr, aylanma eni 9 metr. Minoraning salla  shaklidagi yuqori qismi g‘isht o‘ymakorligi bilan bezatilib, karniz holiga keltirilgan.  O‘qsimon tirgak o‘rtasida Arslonxonning nomi hamda binokor ustaning ismi (usta  Baqo) bitilgan. Minora ichida g‘ishtin aylanma zinapoya bo‘lib, mezanaga olib  chiqadi. Kursisi qirrador, tanasi g‘o‘lasimon, tepasi gumbazli davra qafasa-ko‘shk  bilan bog‘langan. Minora yuqoriga ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi.  Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora ichidagi 104 aylanma zinapoya orqali chiqiladi. Masjidi Kalon tomonidan minoraga  o‘tiladigan ko‘prikcha bo‘lgan. Minorai Kalonning o‘zagi ham, bezagi ham chorsu  pishiq g‘ishti (27x27x4x5 sm) ganchxok loyida terilgan. Bezak g‘ishti o‘rniga qarab  turli shaklda, sirti silliq pardozlangan. Ustma-ust joylashgan turli xil handasiy  shakldagi bejirim bezakli halqalari g‘ishtin dandanalar bilan hoshiyalangan. Bezaklar  orasida tarixiy-diniy mazmundagi kufiy yozuvlar uchraydi. Muqarnas ostidagi moviy  rang sirkor halqalarning har biri turli xil handasiy shaklda bezatilgan (keyinchalik  to‘kilib ketgan).

Me’moriy obidaning uslubi

Me’moriy obidaning uslubi haqida gapiradigan bo‘lsak, inshoot pishiq g‘ishtdan  Sharq an’analarining naqshdor shakllar uslubida ishlangan. Me’moriy inshootning  o‘ziga xos tomoni shundaki, u Buxoro shahrida qad ko‘targan boshqa inshootlardan  o‘zining me’moriy yechimi bilan ajralib turgan. Bundan tashqari, me’moriy inshoot  balandligi jihatidan ham boshqa me’moriy inshootlardan ajralib turgan.  Minora o‘z davrida muazzin uchun azon aytish joyi vazifasini o‘tagan bo‘lsa,  harbiy maqsadlarda esa kuzatuv obyekti ham bo‘lganligi tarixiy manbalarda saqlanib qolgan.

Minoraning bugungi kungacha bo‘lgan holatlari

Minoraning bugungi kungacha bo‘lgan holatlari haqida gapiradigan bo‘lsak,  tanasi va muqarnaslari ta’mir etilgan (1924). Yer ostidagi asosi (kursisi) usta Ochil  Bobomurodov tomonidan ochib ta’mirlangan (1960). Buxoro shahrining 2500 yilligi  munosabati bilan Minorai Kalonda ham ta’mirlash ishlari olib borildi (1997). Bundan  tashqari, me’moriy inshoot atroflari obod etilib, ko‘kalamzorlashtirilgan.

Me’moriy obidaga xalqaro tashkilotlar tomonidan berilayotgan e’tibor

Me’moriy obidaga xalqaro tashkilotlar tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati”ga kiritilgan. 2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 2008-yil 12-sentabrda “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Davlatimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qonunlar me’moriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir.

(Visited 964 times, 1 visits today)